21:50 / 28.12.2015
8935

Toshkentda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘rgazmasi ochildi

Toshkent shahridagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘rgazmasi ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev, xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori E.Iskandarov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston prezidentining 2002 yil 24 oktabrdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi va 2004 yil 29 avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘tgan yillarda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 1922 sport inshooti, 283 bolalar musiqa va san'at maktabi, 96 suzish havzasi qurilib foydalanishga topshirilgan. 2015 yilda 221 sport inshootida qurilish, kapital rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari bajarilgan.

Shu bilan birga, 2004-2012 yillarda foydalanishga topshirilgan bolalar sporti inshootlari, sport zallari va suzish havzalari qayta jihozlash uchun 86 turdagi sport anjomlari va uskunalari bilan ta'minlangan.

Bugun mamlakatimizda 2 milliondan ziyod bola sportning 30 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. 2014 yilda sport bilan shug‘ullanuvchi 6-15 yoshli bolalar qamrovi 2013 yil bilan taqqoslaganda 43,7 foizdan 55,8 foizga, shu jumladan, qizlar soni 39 foizdan 45,7 foizga ortgan.

O‘g‘il-qizlarda sportga qiziqishni oshirishda joylarda o‘tkaziladigan sport musobaqalarining ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'lim tizimida joriy qilingan uch bosqichli uzluksiz sport o‘yinlari – «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Joriy yilda jamg‘armaning mintaqaviy filiallari tomonidan sport inshootlaridan samarali foydalanish maqsadida 9898 sport musobaqasi tashkil etilib, ularda 2 milliondan ortiq o‘g‘il-qizning ishtiroki ta'minlandi.

Ko‘rgazmada mamlakatimizdagi sport majmualarining faoliyati, ularda yaratilgan qulay shart-sharoitlar, o‘g‘il-qizlarning turli nufuzli musobaqalardagi muvaffaqiyati suratlarda aks ettirilgan. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sport anjomlari, yoshlarimizning musobaqalarda qo‘lga kiritgan kubok va medallari ekspozitsiyadan o‘rin olgan.

Mamlakatimiz yoshlari xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda muntazam ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda. Shu kunga qadar 484 xalqaro sport tadbirlarida 5357 o‘g‘il-qiz ishtirok etib, 714 oltin, 530 kumush va 635 bronza, jami 1879 medalni qo‘lga kiritdi.

2015 yilda sportchilarimiz Italiya, Fransiya, Germaniya, Portugaliya, Gretsiya, Bosniya va Gertsegovina, Chexiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Singapur, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston, Bolgariya, Tailand kabi yigirmadan ziyod davlatda bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, 138 oltin, 79 kumush, 90 bronza, jami 307 medalga sazovor bo‘ldi.

– Mazkur ekspozitsiya mamlakatimiz sporti salohiyatini, farzandlarimizning bugungi hayoti, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni keng namoyon etmoqda, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari A.Bobonov. – Zero, yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng islohotlar yoshlarimiz kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Jamg‘armaning asosiy maqsadi ham o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishdan iborat.

Tadbir doirasida Toshkent shahrida ta'lim olayotgan 20 sportchi qizga Prezidentimiz sovg‘asi – milliy va zamonaviy dizayn asosida tayyorlangan sport kiyimlari topshirildi. Shuningdek, 2015 yilda o‘tkazilgan Osiyo va jahon chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan 39 yosh sportchi, sport federatsiyalari vakillari, soha mutaxassislari Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan rag‘batlantirildi.

Top