07:56 / 28.12.2015
3304

Van Gaal "MYu" rahbariyatiga jamoani inqirozdan qay yo‘l bilan olib chiqishni bilmasligini bildirdi

"Manchester Yunayted" jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal APLning 18 turida "Stok Siti"ga qarshi o‘yinda uchralgan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa vitse-prezidenti Ed Vudvord bilan uchrashgan va ular mavjud vaziyat yuzasidan muloqot qilishgan.

Vudvord 64 yoshli ushbu mutaxassisga ketma-ket 4 mag‘lubiyatdan keyin ham ishlashda davom etish va xatolarni to‘g‘rilash mumkinligini aytgan.

The Times nashri xabariga ko‘ra, van Gaal bundan bir hafta oldin "Norvich" bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyinoq iste'foga chiqishga tayyorligini bildirgan. U jamoani inqirozdan olib chiqish qo‘lidan kelmasligini aytgan.

O‘shanda ham jamoa rahbariyati murabbiyga ishonch bildirib, uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgandi.

Hozirda van Gaal vaziyatni o‘nglay olishiga umuman ishonmayapti va keyingi turda "Chelsi" bilan o‘yindan keyin ketma-ket beshinchi mag‘lubiyat qayd etilishi mumkin.

"Stok Siti"ga qarshi o‘yindan keyin murabbiy futbolchilarini futbol o‘ynashdan qo‘rqishda ayblagandi.

U jurnalistning shu boradagi savoliga "Ha. Men shu vaqtgacha ularga ishonib kelardim. Shu vaqtgacha", deya javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, jamoaning oxirgi mashg‘ulotiga Lui van Gaal kelmadi. Uning o‘rning Rayan Giggz futbolchilarni shug‘ullantirdi.

Undan avvalroq Lui van Gaal iste'foga chiqarilsa, Giggz jamoani mavsum oxirigacha boshqarishi mumkinligi haqida ma'lumot tarqatilgandi.

Top