11:11 / 29.12.2015
3295

“Mahalla” fondi: “Keksalarni e'zozlash yili”da 65 mingdan ziyod ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi

“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan 65 mingdan ziyod ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi. Bu haqda 29 dekabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Xususan, shonli sanalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga manzilli muruvvat yordamlari ko‘rsatish bo‘yicha 6 mingdan ortiq badiiy-madaniy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilib, 38 ming nafardan ziyod fuqarolarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Birgina, “Navro‘z” va 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan fond tomonidan 9 mingdan ortiq ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylariga sovg‘a-salomlar manzilli tarqatildi.

Tadbirda keksalarning madaniy hordiq chiqarishlarga sharoitlar yaratib berish masalalariga ham e'tibor qaratilgani qayd etildi. Xususan, “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” shiori ostida 46 ming nafardan ziyod urush va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz keksa va nogironlarning Buxoro, Samarqand, Xiva va boshqa qadamjolarga, shuningdek, 35 ming nafardan ortiq keksalar kinoteatrlarga, teatrlarga, muzeylarga, konsert tomoshalariga, boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlarga bepul borishi tashkil etildi.

Davlat dasturi doirasida fidokorona mehnati va munosib hayot yo‘li bilan xalqning hurmati va ehtiromiga sazovor bo‘lgan 100 yosh va undan katta yoshdagi kishilarni ulug‘lash maqsadida mahallalarda “Asr bilan yuzma-yuz”, “Keksasi bor xonadon – fayzli xonadon”, “Keksalar duosini olaylik” mavzularida 19 ming nafarga yaqin keksalar ishtirokida tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlar davomida Fond tomonidan 2 ming nafardan ziyod keksalarga sovg‘a-salomlar ulashildi.

Mahallalarda yolg‘iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar uchun «Keksalar duosini olaylik» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlarda 26 ming nafardan ziyod yolg‘iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalarga, shundan Fond tomonidan 10 ming nafarga yaqiniga mebellar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak mahsulotlari olib berildi. Shu bilan birga, 5 ming nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Shuningdek, Bundan tashqari, 10 ming nafarga yaqin keksalarga yordamlar ko‘rsatish natijasida ularning maishiy sharoitlari yaxshilandi. Mahallalardagi 2 ming nafarga yaqin yolg‘iz keksalar va nogironlarga nogironlik aravachasi, qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi, hassa va boshqa ortopediya mahsulotlari olib berilishiga ko‘maklashildi.

Top