19:37 / 29.12.2015
8358

Iroq harbiylari IShID moliya vaziri hibsga olinganini ma'lum qilishdi

Iroqlik harbiylar Ramadi shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyada IShIDning moliya vaziri majburiyatini bajargan jangarini qo‘lga olishdi. Bu haqda Iroq harbiy qo‘mondonligi vakillariga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.

Harbiylarning ta'kidlashicha, shahar aholisi xavfsizlik kuchlariga moliya vaziri deb atalgan jangari jangarilar tor-mor qilingandan keyin qochishga uringani va shaharda yashirinib yurganini aytishgan. Shundan keyin uni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lingan.

28 dekabrda iroqlik harbiylar Ramadini IShID jangarilaridan ozod qilinganini ma'lum qilishdi. Keyinroq shaharning bir qismi hali ham jangarilar nazoratida qolayotgani ma'lum bo‘ldi.

Bundan 3 kun avval Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Ramadini ozod qilish bo‘yicha operatsiya yakunlangandan keyin iroqlik harbiylar mamlakatning yirikligi bo‘yicha 2-raqamli shahari – Moso‘lni ozod qilishga yo‘l olishlarini ma'lum qildi. Mutaxassislarning fikricha, agar Moso‘l ozod etilsa, IShID amalda Iroqdagi barcha mavqeini yo‘qotadi va katta moliyaviy talofatlar ko‘radi.

Top