16:24 / 29.12.2015
2616

Isroil sobiq bosh vaziri Exud Olmertning qamoq muddati qisqartirildi

Isroil oliy sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Exud Olmertga qarshi korrupsiya ishlaridan biri bo‘yicha 2014 yilda qabul qilingan hukmni qayta ko‘rib chiqdi.

2014 yilda Tel-Aviv okrug sudi Olmertni 6 yillik qamoq va 1 mln shekel (290 ming dollar atrofida) miqdoridagi jarima jazosiga hukm qilgandi. U Quddus (Iyerusalim) meri lavozimini egallab turgan paytida Holyland turar-joy majmuasi quruvchilaridan 144 ming dollar, yana boshqa ish bo‘yicha esa 17 ming dollar pora olganlikda ayblangandi.

Endilikda instansiya sudi hukmni qayta ko‘rib chiqib, jazoni 18 oyga pasaytirgan.

Sud uni boshqa bir korrupsiya jinoyatida ham ayblab, unga 8 oylik qamoq va 25 ming dollar miqdorida jarima jazosi tayinlagandi. Sud uni amerikalik ishbilarmon Morris Talanskidan pora olganlikda aybdor deb topgandi. Biroq, bundan oldinroq bu hukm ijrosi noma'lum muddatga qoldirildi.

Olmert 1993-2003 yillarda Quddus shahri meri vazifasini o‘tagan. Aynan o‘sha vaqtda uning “Holilend” turar joyi majmuasi qurilishiga ruxsat berishda pora olganligi aytilmoqda.

U bosh vazir lavozimida 2006 yil aprelidan 2008 yil sentabriga qadar faoliyat olib borgan.

Exud Olmert 2008 yilda o‘ziga nisbatan bir qator ayblovlar ilgari surilgach, Isroil bosh vazirligidan iste'foga chiqqandi.

U mamlakat tarixida majburan o‘z lavozimini tark etgan va keyin sudga tortilgan yagona bosh vazir hisoblanadi.

Olmert barcha ayblovlarni inkor qilgan, lekin sudda o‘zining aybsizligini isbotlab bera olmagan.

Top