Qozog‘istonning Jambil viloyati hududida yengil mashina politsiya mini-furgoni bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqda viloyat IIV matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Mahalliy politsiya ma'lumotiga ko‘ra, bu hodisa 27 dekabr kuni Olmaota-Toshkent trassasining 212-kilometrida sodir bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, Mercedes rusumli avtomobilning 46 yoshli haydovchisi Qordoy qishlog‘idan Olmaota shahriga qarab harakatlanayotgan bo‘lgan.
"Ushbu haydovchi yo‘lda harakatlanish qoidalariga rioya qilmagan holda qarama-qarshi tomondan kelayotgan, politsiyachilarga tegishli Hyundai N-1 furgoni bilan to‘qnashib ketgan", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu yo‘l transport hodisasi tufayli jabrlanganlar yo‘q. Bu hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi aytilgan.