15:01 / 30.12.2015
4418

2015 yilgi O‘zbekiston chempioni «Paxtakor» jamoasiga oltin medallar topshirildi

29 dekabr kuni Toshkentdagi «Versal» restoranida 24-milliy chempionat yakunlariga ko‘ra chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan 11 karra O‘zbekiston chempioni «Paxtakor» jamoasini rasmiy taqdirlash marosimi hamda Yangi yil bazmi tashkil etildi. Bu haqda «Olamsport» xabar berdi.

Jamoa a'zolariga oltin medallarni O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magometov topshirgan.

Shundan so‘ng, alohida nominatsiyalar bo‘yicha futbolchilarga esdalik sovg‘alari topshirilgan.

Yarim himoyachi Sherzod Karimovning «Lokomotiv» darvozasiga urgan goli mavsumning eng chiroyli goli deb topildi.

Chempionat to‘purari bo‘lgan Igor Sergeyev esa «Paxtakor»ning 2015 yildagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Igor Sergeyev bu yilgi mavsumda jami 50ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 34 marotaba ishg‘ol qildi. Unga klub rahbariyati tomonidan sovg‘a sifatida avtomobil kaliti topshirildi.

Bundan tashqari, marosimda yil davomida «Paxtakor» jamoasi faoliyatini yoritib borgan ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhiga faxriy yorliqlar topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, «Paxtakor» Oliy liganing 2015 yilgi mavsumida chempionlikni oxirgi turda qo‘lga kiritgandi.

Top