18:39 / 30.12.2015
3558

Bloomberg: Reygan Tetcherga josuslik romanlarini o‘qishni maslahat bergan

AQShning sobiq prezidenti Ronald Reygan 40 yoshligida amerikalik yozuvchi Tom Klensining Red Storm Rising (“Qizil to‘fon ko‘tarilmoqda”) josuslik romanini o‘qib, shu orqali sobiq ittifoq bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarga tayyorlangan. Bu haqda Britaniya hukumatining maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlariga tayangan holda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

Hujjatlarda ko‘rinishicha, Reygan Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi rahbari Margaret Tetcherga Sovet Ittifoqiga ishonmasligini aytgan hamda unga Klensining kitoblarini tavsiya qilib, ularda “SSSRning motivlari yaxshi tushuntirilgan”, deb ta'kidlagan.
Ma'lum bo‘lishicha, bu so‘zlarni Reygan 1986 yili Reykyavikda KPSS MK bosh kotibi Mixail Gorbachyov bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan bir kun o‘tib aytgan.

Tetcher xonim bu so‘zlardan hayratga tushib, ularni suhbatning rasmiy stenogrammasiga kiritmaslikni topshirgan hamda yuqori maxfiylikdagi alohida yozuvlardagina bir necha bor tilga olgan.

Tetcher xonim Reyganga muzokaralar samarasizligi tufayli afsusdaligini bildirgan, AQSh prezidenti esa sobiq ittifoq motivlariga mutlaqo ishonmasligini ta'kidlagan.
"Ruslar urishishni xohlamaydi, ular yadroviy qurol bilan tahdid qilib, g‘alaba qozonishni istaydi ", - degan shunda Reygan.

“AQSh prezidenti Tetcher xonimga mashhur “Qizil oktabrga ov” muallifining kitobini tavsiya qildi, bu kitobning nomi “Qizil to‘fon ko‘tarilmoqda” edi. U Sovet Ittifoqining maqsadlari va strategiyasi haqida yaxshi tasavvur beradi”, - deyiladi hujjatlarda.

Klensining tilga olingan romani Reykyavikdagi muzokaralardan 2 oy muqaddam chop etilgan. Uning syujyetiga muvofiq, SSSR musulmon radikallarning mamlakatdagi yirik neftni qayta ishlash kompleksiga uyushtirgan hujumi oqibatida neft inqirozi yoqasiga kelib qoladi. Shunda mamlakat rahbariyati Fors ko‘rfazi davlatlarining konlarini egallab olishga qaror qiladi.

Dastlab SSSR Germaniyada operatsiya o‘tkazadi, ammo bu operatsiya harbiy harakatlarga aylanib ketadi. NATO davlatlarining majburiy aralashuvi tufayli Uchinchi Jahon urushi boshlanib ketadi. Kitob yakunida SSSR mag‘lubiyatga uchraydi.

Top