22:30 / 30.12.2015
12798

O‘zi harakatlana olmaydigan, yotoqli bo‘lib qolgan odamlar qanday qilib yangi pasport olishi mumkin

“Gazeta.uz” nashri oxirgi oylarda o‘zi mustaqil harakatlana olmaydigan fuqarolar pasport olishda qiyinchiliklarga duch kelayotganlari haqida ularning yaqinlaridan ko‘plab murojaatlar oldi.

“Men Sergeli tumani pasport bo‘limi boshlig‘ining qabuliga kirish uchun bir necha kun kutdim”, – deb aytmoqda 2-guruh nogironi bo‘lgan va o‘zi hattoki uyida ham mustaqil harakatlana olmaydigan ayolning qizi Yevgeniya Sidelnikova. – Nihoyat men qabulga kirdim, biroq hujjatlar topshirish uchun mahalla qo‘mitasidan, shifoxonadan va boshqa joylardan bir nechta ma'lumotnomalar kerak ekan”.

“Poliklinika onamga uning yura olmasligi haqida ma'lumotnoma berishi uchun zarur ma'lumotnomalarni yig‘ishim uchun bir oy vaqt ketdi, komissiya tuzishga to‘g‘ri keldi, barcha jarayonlarni, jumladan analiz topshirish va EKG olishni uyda o‘tishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat men noyabrda barcha hujjatlarni pasport bo‘limiga topshirdim va u yerda menga “Uyingizga borishadi, kuting”, deyishdi. Mana yil oxirlab qolganiga qaramasdan hanuzgacha kutmoqdamiz, biroq hali hech kim kelmadi”, deb aytmoqda Yevgeniya Sidelnikova.

Shunga o‘xshash vaziyatga Yashnobod tumanida yashovchi Elvira Axmerova ham duch keldi. Ayolning onasi ko‘zi ojiz, otasi esa insult sababli o‘zi mustaqil harakatlana olmaydi.

“Onamni pasport bo‘limiga olib bordik, u barcha jarayonlardan o‘tdi va biometrik pasport oldi. Biroq otam bilan bog‘liq vaziyat biroz murakkabroq, uni 4-qavatdan tushirib, pasport bo‘limiga olib borish uchun ancha kuch va mablag‘ talab qilinadi. Men tuman pasport bo‘limiga murojaat qilganimda yil oxirida kelishni aytishdi. Men barcha hujjatlarni olib bordim, menga ularni pasportistkada qoldirishni aytishdi. Bu noyabrda bo‘lgandi, biz hanuzgacha uyimizga kelib, biometrik ma'lumotlarni olishlarini kutib o‘tiribmiz. Beaybligimiz sababli qonunbuzarlar bo‘lishni istamaymiz”, deb aytmoqda Axmerova.

Sergeli tumanida yashovchi Viktor Demerjiyev barcha muammolarni o‘zi hal qilganini aytmoqda. “Pasport bo‘limi bilan o‘zi yura olmaydigan onamni ma'lum vaqtda pasport bo‘limiga olib kelishga kelishib oldim. U yerda barcha jarayonlarni navbatsiz tashkil etishdi. Biroq bu nogironlarga va'da qilingandek bo‘lmadi, ular ma'lumotlarni yig‘ish uchun mobil guruh kelishini aytishgandi”, deb aytmoqda Demerjiyev.

Hammada ham yotoqli yaqinini pasport bo‘limiga olib borishning iloji yo‘q. Pasport bo‘limiga ikki marta – birinchisida biometrik ma'lumotlarni topshirish uchun, ikkinchisida pasportning olinganini tasdiqlash uchun borilishi talab qilinishi hisobga olinsa, bu muammo umuman hal qilib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi.

Bektemir tumanida imkoniyati cheklangan odamlarga pasportni o‘zgartirishda Nogironlar jamiyatining mahalliy bo‘limi yordam bermoqda.

“Vasiyligimizdagilardan birini salomatligi tufayli pasport bo‘limiga olib borolmadik, pasport bo‘limi xodimlari esa uning uyiga kelishga shoshilmasdilar. Tuman IIB boshlig‘ining qabuliga shaxsan yozilishimga to‘g‘ri keldi. IIB boshlig‘i vaziyatni tushundi va tegishli ko‘rsatmalarni berdi. Shuning ertasiga kasalning uyiga sayyor guruh borib, barcha biometrik ma'lumotlarni oldi va u tez orada yangi pasport oldi”, deb aytmoqda Nogironlar jamiyatining Bektemir tumani bo‘limi raisi Larisa Rossinskaya.

Nashr IIVning Kirish va chiqish hamda fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga pasport bo‘limiga sog‘lig‘i sababli kela olmaydigan odamlar pasportni o‘zgartirish jarayonidan qanday o‘tishlari kerakligi haqida murojaat qildi va quyidagicha javob oldi: “Toshkent bo‘yicha mobil stansiyadan foydalangan holda fuqarolarga biometrik pasportni rasmiylashtirish Toshkent Shahar IIBning Kirish va chiqish hamda fuqarolikni rasmiylashtirish xodimlari tomonidan o‘zi mustaqil harakatlana olmaydigan fuqaroning og‘ir kasalligini tasdiqlovchi tegishli muassasalarning hujjatlari topshirilgandan keyin amalga oshiriladi”.

Boshqarmada 31 dekabrgacha pasportni almashtira olmagan va jarima to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkinligidan xavotirlanayotgan fuqarolar tinchlatildi. Agar eski pasport muddatidan o‘tib ketmagan bo‘lsa, unda uning egasiga jarima solinmaydi.

Nashr pasport bo‘limlarida bu masalaga e'tibor berilib, turli instatsiyalarga borishdan va mavhumlikdan charchagan odamlarga yordam berilishiga umid bildirib qoldi.

Top