19:49 / 31.12.2015
6261

Focus: 2015 yilda Obama va Putin munosabatlari iliqlashdi

Ko‘plab siyosiy tahlilchilar AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi dushmanona munosabatlar keyingi vaqtlarda yo‘qolib borayotganini qayd etishmoqda. Ular 2016 yilda ikki siyosatchining munosabatlari yanada iliqlashishi kutilishini ta'kidlashgan. Bu haqda Focus nashrida yoziladi.

Xabarda yozilishicha, Rossiya OAVlarida yakunlanayotgan yilda aksilamerika ruhidagi maqolalar kamaygan.

Shuningdek, Putin AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga qaror qilgan. U amerikaliklarga "hujum qilish"ni bas qilgan. U o‘zining oxirgi matbuot anjumanida barchani hayron qoldirgan holda AQShni tanqid qilmagan, aksincha Moskva va Vashingtonning bir qator xalqaro masalalarda o‘zaro kelishuvga erishganini eslab o‘tgan. Maqola muallifining yozishicha, Putin CBS kanaliga bergan intervyusida AQSh siyosatida hazilomuz fikr bildirgan va amerikaliklarning siyosiy muammolarni hal qilishdagi mahoratini e'tirof etgan. O‘z navbatida amerikalik siyosatchilar ham Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini keskin tanqid qilishni to‘xtatgani qayd etilgan.

Qolaversa, 2015 yilda Putin va Obama yana bir marta do‘stona uchrashuvlar o‘tkazishdi. Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 70 sessiyasi vaqtida ular tor doiradagi suhbat qurishdi. Ular o‘tayotgan yilda Parijdagi va Antalyadagi sammitlar (birinchisi BMTning Iqlimiy sammiti, ikkinchisi "Katta yigirmatalik" sammiti) doirasida uchrashishdi.

Ikki siyosatchining yaqinlashuviga dastak sifatida Rossiyaning Suriya masalasida G‘arbga yon bergani aytilgan.

Bundan oldinroq, Putin Obamaga Yangi yil munosabati bilan tabrik yo‘llagani xabar qilingandi.

Top