06:53 / 31.12.2015
6018

Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi Putin, Obama, Erdo‘g‘an va Trampni 2015 yilning g‘olib siyosatchilari deb tan oldi

Germaniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi 2015 yilda “g‘olib” va “mag‘lub” bo‘lgan siyosatchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligiga iqtibos keltirgan holda vesti.ru sayti.

Nashr g‘oliblar qatoriga Rossiya prezidenti Vladimir Putinni kiritdi. “Rossiya Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarda o‘zini konstruktiv tomondan ko‘rsatdi, Rossiyaning Suriya ixtilofiga aralashuvi esa bu masalani Putinsiz tartibga solishning iloji yo‘qligiga olib keldi. Bejizga Germaniya tashqi ishlar vaziri Shtaynmayyer Rossiyaning G8 ga (katta sakkiztalik – tahr.) qaytishi mumkinligi haqida gapira boshlamagan”, deb yozmoqda gazeta.      

2015 yil AQSh prezidenti Barak Obama va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an  uchun ham muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb hisoblashmoqda gazeta jurnalistlari. Erdo‘g‘anning partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘rin oldi, Yevropa Ittifoqi esa muhojirlar bilan bog‘liq muammoni hal qilishda Erdo‘g‘anga ehtiyoj sezmoqda. “Faqatgina Turkiya Suriya chegarasida Rossiya harbiy samolyotini urib tushirib, Rossiya bilan munosabatlariga putur yetkazgani katta xato bo‘ldi”, deyilmoqda maqolada.   

Yana bir yirik siyosatchi Angela Merkel borasida esa, 2015 yil ehtimol uning kanslerligi davridagi eng og‘ir yil bo‘ldi, biroq shunga qaramay u Yevropaning so‘zsiz yetakchisi mavqeini mustahkamlab oldi. Nashrning fikricha, migratsiya inqirozi keyinroq tarixchilar 2015 yilni “Merkel davri oxirlashining boshi” deb tan olishlari mumkin bo‘lgan vaziyatga olib kelishi mumkin.

Yil g‘oliblari orasiga fransiyalik siyosatchi ayol Marin Le Pen va AQShlik milliarder Donald Tramp ham kiritildi.

Gazeta Gretsiya moliya vaziri Yanis Varufakis, Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbott, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va Argentinaning endilikda sobiq prezidenti Kristina Kirshnerni 2015 yilda mag‘lub bo‘lgan siyosatchilar deb topdi.

Top