21:45 / 31.12.2015
14152

Ravshan Ermatov O‘zbekiston Prezidenti sovg‘asi - “Malibu” avtomobili bilan taqdirlandi

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 31 dekabrdagi farmoniga muvofiq mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, xalqaro maydonda o‘zbek futboli nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari hamda yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun R.Ermatov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini va Prezidentimiz sovg‘asi – “Malibu” avtomobili kalitini R.Ermatovga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev tantanali ravishda topshirdi.

– Xalqaro maydonlarda Vatanimizni sharaflash, uning obro‘si yuksalishiga hissa qo‘shish – eng oliy baxt, – dedi Ravshan Ermatov. – Nufuzli musobaqalarda hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni isbotlashdek ezgu maqsadimizga yetishayotganimizdan xursandmiz. Bu Yurtboshimiz rahnamoligida sportga, sportchilarga, jumladan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e'tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir. Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagani uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu katta ishonch yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi.

Top