18:09 / 29.01.2016
18359

Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti yangi binoga ko‘chib o‘tdi

Namangan shahrida joylashgan “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti (sobiq “Mulla Qirg‘iz” madrasasi)ning yangi binoga ko‘chirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati xabar qildi.

Mazkur marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga ushbu islom bilim yurtining tarixi hamda faoliyati haqida ma'lumot berib o‘tdi.

Namangan viloyat vakilligi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga madrasa binosini yangi, zamonaviy va barcha talablarga javob beradigan binoga ko‘chirish masalasi bugun hukumatimiz tomonidan ijobiy hal etilganini ma'lum qildi.
Madrasa yangi binosi uchun Namangan shahrining balandlik hududida joylashgan, bahavo iqlimga ega bo‘lgan hamda barcha qulayliklari mavjud “Oromgoh” dahasidan yangi inshoot ajratilganini mamnuniyat bilan e'lon qildi.

Mazkur inshoot bir necha binolardan iborat bo‘lib, unda zamonaviy o‘quv binosi, hamda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan talabalar turar joyi mavjud. Shuningdek, ushbu binoda oshxona, namozxona, majlislar zali hamda viloyat vakilligi uchun ham maxsus joylar mavjud.

Yangi madrasaning hududi 10 gektarga yaqin bo‘lib, 10 mingdan ziyod mevali daraxtlar hamda 3 mingdan ziyod manzarali daraxtlarga ega.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatiblarning yig‘ilishlari uchun maxsus majlislar zali, ma'naviyat va ma'rifat xonalari, zamonaviy texnik jihozlar bilan ta'minlangan axborot resurs markazlari tashkil etilgan. Inshoot zamonaviy isitish va sovutish tizimiga ega.

Yig‘ilishning barcha ishtirokchilari, jumladan, madrasa rahbariyati, o‘qituvchilari va talabalari tomonidan bilim yurtiga ko‘rsatilgan ushbu e'tibor uchun cheksiz minnatdorliklar bildirildi.

Top