16:20 / 01.02.2016
3001

Termiz davlat universitetida yosh olimlar mashvarati bo‘lib o‘tdi

Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi doirasida “Yosh olimlar konferensiyasi – 2016” respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Konferentsiyada mamlakatimizdagi 40 dan ortiq ta'lim muassasasida faoliyat yuritayotgan yosh ilmiy tadqiqotchilar o‘zbek, rus, ingliz, nemis va boshqa tillarda ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va aniq fanlarga oid 2 mingga yaqin nazariy hamda amaliy tavsiyalarga ega materiallari bilan ishtirok etdi. Ularda O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish orqali yuqori ko‘rsatkichlarga erishish, innovatsion rivojlanish asosida milliy iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish yo‘llari, aholi bandligini oshirish istiqbollariga keng o‘rin berilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilingan.

Ta'lim-tarbiya jarayonlarini yanada rivojlantirish yuzasidan nazariy va amaliy tavsiyalar yoritilgan. Sud-huquq tizimini erkinlashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolik mas'uliyatini oshirish borasidagi izchil islohotlar keng o‘rganilib, amaliy ahamiyatga molik fikrlar ilgari surilgan. Globallashuv davrida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, boy tariximiz va milliy qadriyatlarimizni, buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini o‘rganish jarayonida to‘plangan qiziqarli manbalar va boshqa mavzularga alohida e'tibor qaratilgan.

– Bugungi ilmiy anjumanda “So‘fi Olloyor shogirdlari” deb nomlangan ma'ruzam bilan ishtirok etdim, – deydi Samarqand viloyatidagi Tayloq iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji direktorining o‘rinbosari, yosh tarixchi-tadqiqotchi Mehrojiddin Omonov. – Ushbu mavzuni o‘rganish jarayonida shoir hayoti va ijodining yangi qirralarini ochish, qadimgi ustoz–shogird an'analarini chuqur tahlil qilishga intilayapman. Anjuman ayniqsa, biz, yosh tadqiqotchilar uchun juda foydali bo‘ldi. Turli mavzularda o‘zaro fikr almashish, ilmiy bahs-munozaraga kirishish imkonini berdi.

Ilmiy-amaliy anjumanning yalpi va sho‘'ba yig‘ilishlarida yosh olimlar olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan fikr almashildi, sohalardagi yutuq va muammolar atroflicha tahlil qilindi, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Top