21:27 / 02.02.2016
8287

FT: Neft narxining tushib ketishi tufayli Saudiya Arabistoni qarz olishga majbur bo‘lmoqda

Jahon miqyosida neft narxining tushib borayotgani Saudiya Arabistonini qarz bozoriga chiqishga va obligatsiyalar chiqarishga majbur qilmoqda, deb yozadi Financial Times nashri. Boz ustiga, ta'kidlanishicha, Suriya va Yamandagi harbiy operatsiya qirollik byudjyetiga qo‘shimcha og‘irlik tug‘dirmoqda.

Saudiya Arabistoni byudjyetining daromad qismi 73 foizga neft savdosi asosida shakllantiriladi. 2015 yil yakunlariga ko‘ra neft narxining tushishi oqibatida qirollikning valyuta zaxiralari 97 mlrd dollarga qisqarib, endilikda 640 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. 2014 yilda byudjyet kamomadi YaIMning 1.6 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 50 foizga tenglashishi mumkin.

Tahlilchilarning fikricha, Saudiya Arabistoni chiqaradigan obligatsiyalar hajmi va ularning daromad darajasi uch omilga bog‘liq bo‘ladi: neft narxi, mamlakat oltin valyuta zaxirasi va bozordagi o‘zgaruvchanlik. Agar barcha yo‘nalishlardagi bosim tushsa, Riyodning jahon qarz bozoriga kirishi muvaffaqiyat keltirishi mumkin, aks holda saudiyaliklar yuqori foizlarda bir necha milliard qarz olish bilangina cheklanishadi.

Top