15:40 / 02.02.2016
4343

Navbatdagi manzil – 17-shtolnya

“Olmaliq KMK” AJning eng yosh korxonalaridan biri hisoblanuvchi Shaxtaqurilish boshqarmasi jamoasi 2015 yilni yuksak mehnat ko‘rsatkichlari bilan yakunladi.

Kombinat Axborot xizmatining xabar qilishicha, shaxta quruvchilar rangli va qora metallarni qazib olish bo‘yicha yer osti kon obektlarini qurish bilan bog‘liq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bir qatorda, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining xom ashyo bazasini oshira bordi va bir qator shtolnyalarda belgilangan ishlarni yakuniga yetkazib, yangi konlarni Angren kon boshqarmasi konchilariga foydalanish uchun topshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligidan esa kombinat shaxtaquruvchilari II Chamauk uchastkasidagi 17-shtolnyada tog‘-kon o‘tish ishlariga kirishishdi. Mazkur uchastkada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar xususida Shaxtaqurilish boshqarmasi bosh muhandisining tog‘-kon ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Kamoliddinxon Marahimov quyidagi ma'lumotlarni beradi:– 17-shtolnyada boshlab yuborilgan tog‘-kon o‘tish ishlari geologiya-qidiruv ishlari doirasida olib borilgan vazifalar sirasiga kiradi.

Boshqarmamiz quruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar katta tayyorgarlik va puxta ishlab chiqilgan loyihalar asosida bajariladigan vazifalar hisoblanadi. Rangli metallar geologiyasi ilmiy ishlab chiqarish markazining Sharqiy Qurama geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan taqdim etilgan buyurtma asosida boshqarmamiz pudratchi tashkilot sifatida 17-shtolnyada ishlarga kirishdi. Dastlab II Chamauk uchastkasigacha bo‘lgan 3 km.dan ziyod yo‘l 2-avtobaza bilan hamkorlikda ochildi. Zarur mexanizatsiya vositalari faoliyatini ta'minlash uchun elektr liniyasi va suv uzatish tizimlari ishga tushirildi. Kompressor uskunasi, qurilish materiallari uchun keng maydon tayyorlandi. Yer osti konchilik ishlarida boy ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lgan Zokirjon Domlajonov rahbarligi ostida boshlab yuborilgan ishlar boshidanoq yuqori sur'atlarda olib borilayotganini alohida ta'kidlash lozim.

Yanvar oyi ish rejasiga ko‘ra bu yerda 10 pg/m.ga teng tog‘-kon o‘tish vazifasi belgilangan bo‘lsa, ayni kunga kelib shaxtaquruvchilar 20 pg/m. uzunlikda o‘tish ishlarini bajarib bo‘lishdi. Ishlarning bu sur'atda borishi I chorak uchun belgilangan 90 pg/m.ga teng marra shaksiz uddalanishidan dalolat bermoqda. Qisqa vaqt ichida tog‘-kapital va tog‘-kon o‘tish ishlarini olib borishni mukammal o‘zlashtirib olgan ishchi-xodimlarimiz bilan bugun faxrlana olamiz. Abduvali Buzrukov, Faridun Obidov, Abror Sultanov va Jahongir Saidmuratov kabi lahm o‘tuvchilar o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib kelishmoqda. Tog‘-kon o‘tish ishlarida asosiy mexanizatsiya vositamiz hisoblanuvchi perferator uskunasining siqilgan havo bilan ta'minlanishini kompressor mashinisti Nuriddin Norqo‘ziyev a'lo darajada yo‘lga qo‘ygan.

Bir ish smenasi davomida belgilangan hajmda lahm o‘tish ishlarini olib borish, temir asosli arkasimon mustahkamlagich ramalarni o‘rnatish, temir-beton tortmalarini joylashtirish shaxta quruvchilardan qunt va mustahkam iroda talab qiladi. Samarcho‘q va Qayrag‘och uchastkalarimizdagi shtolnya va shtreklarda olib borilayotgan tog‘-kon va tog‘-kapital ishlarida ham yuqori sur'atlarni ko‘rishimiz mumkin. Yilning birinchi hisobot oyi uchun belgilangan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilishi uchun mustahkam asos qo‘yilgan. Jumladan, joriy yilining birinchi choragining o‘zida 570 pg/m.ga teng tog‘-kon o‘tish va 420 pg/m. hajmda tog‘-kapital hamda 67 pg/m. miqdorda tog‘ tayyorlov ishlarini amalga oshirishdek mas'uliyatli vazifa boshqarmamiz shaxtaquruvchilari tomonidan zabt etilishiga ishonchimiz komil.

Top