10:37 / 03.02.2016
2141

BMTga 4 million suriyalik bolaning ta'limi uchun 1,4 milliard dollar kerak

BMT va uning hamkorlari Suriya va qo‘shni mamlakatlardigi 4 million bolaning ta'lim olishi uchun 1,4 milliard dollar ajratishlarini so‘ramoqda. Bu haqda 4 fevralda Londonda bo‘lib o‘tadigan Suriya va mintaqa mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha beshinchi yillik xalqaro konferensiya arafasida tayyorlangan birgalikdagi murojaatda so‘z boradi.

“Uchrashuv oldidan “Yo‘qotilgan avlodga yo‘l qo‘ymaymiz” tashabbusini ilgari surgan gumanitar guruhlar va BMT agentliklari Suriya va qo‘shni mamlakatlardagi 4 million bola va yoshlarni maktabda va maktabdan tashqarida bilim olishlarini ta'minlash uchun 1,4 milliard dollar ajratishga chaqiradi”, - deyiladi press-relizda.

BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ma'lumotlariga ko‘ra, Suriyada qurolli mojarolar boshlanganidan buyon o‘tgan besh yil ichida 2,1 million bola tahsil olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Shuningdek, urushdan qochib, qo‘shni mamlakatlardan boshpana topgan 700 ming suriyalik bola ham boshlang‘ich ta'lim olishdan mahrum.

O‘tgan yil davomida hukumat va xalqaro tashkilotlar sa'y-harakatlari evaziga bir milliondan ziyodroq bola ta'lim olish imkoniga ega bo‘ldi. Gumanitar agentlikning ogohlantirishicha, mojarolar siyosiy yo‘l bilan hal etilmasa, ta'lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bolalar soni yanada ortishi mumkin.

Top