18:12 / 03.02.2016
5963

"Tolibon" Afg‘oniston aholisini elektr energiyasi ta'minotidan uzib qo‘ydi

Afg‘oniston shimolida jangarilar O‘zbekiston hududidan o‘tgan elektr o‘tkazgichlarni ishdan chiqardi. Natijada, mamlakat shimoli yorug‘lik nurisiz qoldi. Mamlakat poytaxti Kobul shahridagi butun boshli kvartallar elektr tokisiz huvillab qolgan. Bu haqda Sputnik Dari xabar qilgan.

De Afghanistan Breshna Sherkat Milliy energetika korporatsiyasi "Tolibon" tomonidan elektr o‘tkazgichlar liniyalaridan biri to‘liq ishdan chiqarilgani haqida xabar qilgan.

Terrorchilar yana bitta liniyaga hujum qilmoqchiligi ta'kidlanmoqda.

Afg‘oniston Energetika va suv ta'minoti vazirligi matbuot kotibi Abdulbosid Abdiy Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda ayni paytda besh millionga yaqin kishi – mamlakat aholisining oltidan bir qismi, noma'lum muddatga elektr ta'minotisiz qolishi mumkinligi haqida ma'lum qildi.

"Biz nima qila olamiz? Biz ojizmiz! Bu yerda ayb mamlakat infratuzilmasi yetarli darajada xavfsizlik bilan ta'minlanmaganligida. Modomiki, elektr o‘tkazgichlarning asosiy liniyalari o‘tgan tumanlar xavfsizligi ta'minlanmas ekan, na biz, na De Afghanistan Breshna Sherkat energetika korporatsiyasi ushbu holatni o‘z kuchi bilan to‘g‘rilay olmaydi", deydi matbuot kotibi.

U shuningdek, elektr o‘tkazgichlari o‘tgan hudud minalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ta'kidlagan.

"Breshna" o‘z ishchilari hayotini xatar ostiga qo‘yib, "Tolibon" jangarilari tomonidan shikast yetkazilgan liniyalarni sozlagan taqdirda ham, keyinchalik, bu kabi hujumlar yana takrorlanmasligiga kafolat yo‘q”, deya ta'kidladi Abdulbosid Abdiy.

Jamoatchilik tomonidan o‘tkazilgan bosim hamda kelib tushgan minglab shikoyat arizalari tufayli, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi elektro‘tkazgichlar o‘tgan tumanlarni xavfsizlik bilan ta'minlashga tayyorligini ma'lum qildi.

Ammo, tegishli choralar qachon ko‘rilishi haqida hozircha aniq ma'lumot yo‘q.

Top