23:10 / 04.02.2016
20497

Grippdan saqlanish usullari

Joriy yilda jahonda yana cho‘chqa grippi tarqalishi bilan bog‘liq gap-so‘zlar kishilarni vahimaga soldi. Lekin, mutaxassislarning ta'kidlashicha, grippning har qanday turida profilaktika va davolanish choralari bir xil.

Nimadan himoyalanish kerak

Gripp o‘tkir infeksion xastalik bo‘lib, uni virus keltirib chiqaradi. Insondan insonga o‘tadi, tez tarqaladi. Virus har yili mutatsiyaga uchrab, yangidan-yangi epidemiyalarni keltirib chiqarmoqda.

Ilk simptomlar dastlabki bir-ikki kun ichida ko‘rinadi:
kutilmaganda va tezda harorat oshadi;
kuchli bosh og‘rig‘i;
yorug‘lik tushsa ko‘z og‘riydi;
mushak va bo‘g‘imlarda og‘riq kelib chiqadi;
yo‘tal va tumov boshlanadi.

Ba'zan bularga oshqozondagi buzilish, ko‘krak qafasidagi og‘riq, bosh aylanishi va nafas olishning qiyinlashishi qo‘shilishi mumkin.

Agarda gripp og‘ir kechsa, u xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali xastalikka duchor bo‘lganlar jiddiy xavfga duch keladi.
Grippga qarshi dori mavjud emas. Faqat undan himoyalanish hamda xastalik yengil kechishiga erishishimiz mumkin, xolos.

Grippdan qanday himoyalanish mumkin

Gripp juda oson yuqadi. Hatto niqobsiz ham u odamdan odamga o‘tadi. Epidemiya paytida esa odamlar bilan aloqa qilmay o‘tirishning iloji bo‘lmagani uchun ko‘plar bu xastalikni yuqtirib olishadi.

Grippdan himoyalanishning ikki yo‘li bor: to‘liq izolyatsiya va vaksinatsiya.
Emlash epidemiyadan 2-3 hafta muqaddam amalga oshiriladi. Ammo vaksina faqat konkret virusga qarshi ishlaydi. Ya'ni boshqa turdagi o‘tkir respiratorli virus infeksiyasiga chalinish xavfi qolaveradi.

Bundan tashqari, oddiy tumov, yo‘tal, tomoq qichishi va og‘rishi – bu gripp emas. Bu shunchaki yallig‘lanish kasalliklari bo‘lib, gripp ulardan o‘n chandon xavflidir.
Bundan tashqari, organizmni mustahkamlab borish va xastalar bilan imkon qadar aloqa qilmaslik lozim. Sport bilan shug‘ullanish va to‘g‘ri ovqatlanish grippdan saqlanishning muhim shartidir.

Agar xastalikka chalingan bo‘lsangiz

Baribir xastalikdan qochib qutula olmasangiz, qanday chora ko‘rish kerak?
Birinchi maslahat: uyda o‘tiring.
Shifokor bilan maslahatlashing, u sizga virusga qarshi vositalarni yozib beradi, rejimni tushuntiradi. Uchinchi-to‘rtinchi kuni yaxshilanish sezmasangiz, yana shifokorga murojaat qiling.

Qanday dori ichish kerak?

Grippga qarshi dori vositalari juda ko‘p reklama qilinadi. Darhaqiqat, dastlabki soatlarda virusga qarshi vositalarning qabul qilinishi xastalikning oson kechishiga ko‘mak beradi. Ikki turdagi dori vositalari bor: adamantanlar (amantadin va remantadin) va gripp neyraminidazasi ingibitorlari (ozeltamivir va zanamivir).

Infektsiyalarga qarshilik ko‘rsatishni yaxshilash uchun mahalliy infeksiya modulyatorlari qo‘llanadi. Ular burun uchun sprey, shimish uchun tabletka, kapsula shaklida bo‘lishi mumkin. Kerakli vositalarni shifokor tayinlaydi.

Boshqa turdagi vositalar esa pulni bekorga xarj qilishdan boshqa narsa emas.
Isitma tushiruvchilarni qabul qilishda ehtiyot bo‘ling. Birinchidan, haroratni tushirishga shoshilmang. 38.5 darajaga qadar organizm issiqlik vositasida viruslarga qarshi kurashayotgan bo‘ladi, bu sizga ziyon keltirmaydi. Agar termometr kattaroq darajani ko‘rsatsa, ibuprofen va paratsetamol qabul qiling. Aspirin tavsiya qilinmaydi.

Qanday qilib o‘ziga yordam berish mumkin

Grippni birdaniga tuzatib qo‘yadigan dori yo‘q, lekin simptomlardan oson xalos bo‘lish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish kifoya:

Ko‘proq suyuqlik iching. O‘tli soylar va quruq mevadan bo‘lgan sharbat kor qiladi. Suyuqlikning ko‘proq bo‘lishi harorat oshishiga chidashga yordam beradi, burun bitib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi va tomoq og‘rig‘ini tinchlantiradi.

Havo almashtirib turing. Bu xonangizni dezinfeksiya qilish yo‘llaridan biridir. Toza havodan nafas olish ham osonroq bo‘ladi.

Havo namligini saqlang. Havo namligining optimal ko‘rsatkichi – 40-60 foiz. Bu ko‘rsatkichda nafa olish oson bo‘ladi, burun va tomoqning shilliq qavatlari qurib qolmaydi va ular virus hujumidan kamroq aziyat chekadi.

Har kuni mebellarni arting, polni yuving. Bu kerakli mikroiqlimni ta'minlab beradi.
Alohida xonada yoting, odamlar bilan gaplashganda niqob taqing. Alohida idish-tovoqdan foydalaning.

Esda tuting, gripp ulkan tezlikda rivojlanadi. Agar bir necha kun uyda sabr qilib yotsangiz, so‘ng bir necha hafta shifoxonada yotishingizga to‘g‘ri kelmaydi.

Top