19:04 / 05.02.2016
2192

Starrij yozda «Liverpul»ni tark etmoqchi

«Liverpul» hujumchisi Deniyel Starrij yozgi transferlar vaqtida jamoasini o‘zgartirishi mumkin.

Angliya terma jamoasiga nomzod hisoblanuvchi bu hujumchi o‘zining jamoada doimiy ravishda jarohat olishidan norozi va boshqa jamoaga o‘tmoqchi. The Telegraph nashrida uning agentlari takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishi aytilgan.

Bundan tashqari, futbolchi mersisaydliklarning amaldagi bosh murabbiyi Yurgen Klopp bilan yaxshi munosabat o‘rnata olmagan. Murabbiy biroz oldinroq, unga og‘riq bilan kuchli og‘riqning farqiga borish kerakligini uqtirgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Starrij «Liverpul» safiga 3 yil oldin «Chelsi»dan kelib qo‘shilgandi. U o‘tgan 3 mavsum davomida 618 kunni jarohatlarini davolash bilan o‘tkazdi. U bu vaqt ichida 18 marta jarohat olgan.

Ikki tomonning shartnomasi 2018 yilning yoziga qadar amalda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shu yilning yozida «Liverpul» u bilan shartnomani uzaytirishi yoki transferga qo‘yishi aytilmoqda.

Joriy mavsumda Starrij Angliya chempionati doirasida 5ta o‘yin o‘tkazib, 2ta gol urgan.

Top