11:26 / 06.02.2016
4415

Xitoydagi shaharlarda Yangi yil bayramini nishonlash vaqtida mushakbozlik qilish taqiqlanmoqda

Xitoyning yirik shaharlarida mahalliy oy taqvimi bo‘yicha kirib keladigan Yangi yil bayramini nishonlash vaqtida mushakbozlik uyushtirish taqiqlandi. Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, bu qaror atrof-muhit ifloslanishi oldini olish borasidagi harakatlar bilan bog‘liq.

Shanxay politsiyasi bu qoidaga rioya etmaganlarga 500 yuan (76 dollar) miqdorida jarima qo‘llanishi haqida ma'lum qilgan. Xuddi shunday qoida Nankin va Xanchjou shaharlarida hamda Tszyansu va Chjetszyan viloyatlarida ham joriy etilgan. Pekinda esa hozircha bayram mushakbozliklariga taqiq kiritilmagan, lekin me'yorlar belgilab qo‘yilgan.

Xitoyda keyingi vaqtlarda havoning ifloslanish darajasi kuchaymoqda. Bunga mamlakatda qish mavsumida uylarni isitish va sanoatda ko‘mir mahsulotlari ko‘p miqdorda yoqilishi sabab hisoblanadi. Shuningdek, keyingi vaqtlarda bayramlardagi mushakbozlik tufayli bir qator fojiali hodisalar kuzatilgani ham bunga sabab.

Ma'lumot uchun, 2016 yilda xitoyliklarning Yangi yili 8 fevral kuni kirib keladi. Bayram tantanalari 7 fevral kuni boshlanadi va bir hafta dam olish kuni bo‘ladi.

Bundan oldinroq, Rim papasi Frantsisk xitoyliklarni Yangi yil bilan tarixda ilk marta tabriklagani xabar qilingandi.

Top