10:19 / 07.02.2016
4266

AQSh moliya vazirligi: 2015 yilda rekord sondagi amerikaliklar AQSh fuqaroligini olishni rad etdi

2015 yilda AQSh fuqaroligi yoki bu mamlakatda uzoq muddatli yashash uchun ruxsat olishni rad etgan odamlar soni rekord darajadagi 4729 kishini tashkil qildi. Bu haqda Washington Times gazetasi AQSh moliya vazirligi rasmiy ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.

2015 yilning 4-choragining o‘zida 1058 kishi fuqarolik olishni rad etgan. Nashrning ta'kidlashicha, bu ko‘rsatkich 1998 yilda moliya vazirligi shunday ma'lumotlarni yig‘ishni boshlagandan beri rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. 1998 yilda bunday kishilar soni 398 nafarni tashkil qilgan va keyingi yillarda muntazam oshib borgan. Biroq 2006-2008 yillarda bu ko‘rsatkich keskin pasaygan va 2008 yilda 231 kishini tashkil qilgan. 2012 yilda ham bu ko‘rsatkich 2011 yildagi 1781 nafardan 932 nafargacha pasaygan. Shundan keyin u uch yildan beri oshib kelmoqda.

"Ko‘rinishicha, AQSh fuqarosi pasportiga yoki uzoq muddatli yashash uchun ruxsatga ega bo‘lish mamlakatning soliq qoidalariga amal qilishga ketadigan tashvish va xarajatlarga arzimaydi", deb aytmoqda xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassis Endryu Mitchell.

Ekspertlarning fikricha, AQSh fuqaroligini rad etayotgan odamlar sonining ko‘payishi Vashington 5 yil avval o‘z aktivlarini xorijda yashirayotganlarga qarshi kampaniyani boshlagani bilan bog‘liq. 2009 yilda Shveytsariyaning eng yirik banki UBS AQSh hukumati tomonidan sud orqali amerikalik omonatchilarga soliqdan qochishga yordam berishda ayblanib, 780 mln dollarlik jarima to‘lashga va 4 mingdan ko‘proq mijozi haqidagi ma'lumotni oshkor etishga majbur bo‘lgan. Shu voqeadan keyin yana bir necha yirik xalqaro banklar Vashington sanksiyalariga tushishdan xavfsirab, AQSh soliq boshqarmasi bilan amerikalik mijozlari haqidagi ma'lumot bilan bo‘lishishni afzal ko‘rgan. Natijada AQSh xorijda o‘z aktivlarini berkitgan jismoniy shaxslar va moliyaviy kompaniyalardan 2009 yildan beri soliq va jarima sifatida 13,5 mlrd dollardan ko‘proq pul undirgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, soliqni to‘lash boshqa davlatlarda yashovchi 7 mln amerikaliklarga "ortiqcha yuk" bo‘lmoqda. Gap shundaki, AQShda boshqa davlatlardan farqli ravishda, xorijda daromad olayotgan fuqarolaridan ham soliq olinadi. Shu tariqa, xorijdagi amerikaliklar ham xorijiy davlatga, ham AQShga soliq to‘lashga majbur bo‘lmoqdalar. Qonunchilikni buzganlik uchun jarima yiliga 70 ming dollarni tashkil qilishi mumkin.

Top