17:05 / 08.02.2016
3608

Dunyoning eng yaxshi oshpazi o‘z joniga qasd qilishiga sharob savdosidagi firibgarlik mojarosi sabab bo‘lgan

Dunyoning eng mohir oshpazi sifatida e'tirof etilgan Benua Violening o‘limi bo‘yicha tekshiruv olib borayotgan politsiyachilarning ma'lumotiga ko‘ra, u firibgarlar qurboniga aylangan. Bu haqda Bilan nashri xabar tarqatgan.

Xabar qilinishicha, Viole o‘zini o‘ldirishidan oldin hech qanday maktub qoldirmagan. Lekin huquqni muhofaza qilish organlari ma'lumotlariga ko‘ra, uning o‘z joniga suiqasd qilishi u tushib qolgan og‘ir holat tufayli yuz bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, u dunyodagi eng yaxshi restoranlarga qimmatbaho vino (1 shishasi 14 mingdan 27,5 ming funt sterlinggacha bo‘lgan narxlarda) yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan guruhning moliyaviy firibgarligi tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan.

Bu guruh ofisi Shveytsariyaning Son shahrida joylashgan bo‘lib, u kompaniya 2015 yilda millionlab yevro miqdoridagi sotuvlarni amalga oshirgan. Uning xaridorlaridan biri sifatida Viole egalik qilgan Hotel de Ville restorani qayd etilgan bo‘lib, u yerga aslida vinolar yetib bormagan. Tasdiqlanishicha, restoranda faqat bir necha martagina mijozlarning ishonchi komil bo‘lishi uchun haqiqiy vinolar sotilgan.

Hozirgacha olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Violening restorani 2 marta 554 700 va 1,37 mln funt miqdorida zarar ko‘rgan.

2013 yilda Benua Viole Shveytsariyada yil oshpazi sifatida tan olingandi. Uning Hôtel de Ville nomli restorani uchta Mishlen yulduziga egalik qiladi. 2015 yilda muassasa fransiyalik ekspertlar tomonidan tuzilgan La Liste reytingida birinchi o‘rinni egallagan edi.

Bundan oldinroq, 44 yoshli pazanda o‘zini otib tashlagani, uni Lozanna yaqinida joylashgan Krise shahridagi uyidan topishgani haqida xabar berilgandi.

Top