18:09 / 08.02.2016
14923

Qimmatga tushgan “qiziqish”

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2015 yilda o‘tkazilgan tekzor chora-tadbirlarda 127 ta bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilinib, 8,7 ming donadan ortiq turli shakldagi diniy adabiyotlarning yashirin tarzda olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Jumladan, Buxoro xalqaro aeroportida “Moskva-Buxoro” yo‘nalishi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli noutbuk xotirasida 17 dona diniy mazmundagi videolavhalar mavjudligi aniqlandi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, mazkur videofayllar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va ularni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi ma'lum bo‘ldi.

Diniy adabiyotlarni olib kirish bo‘yicha amaldagi tartiblarga rioya qilmagan ushbu shaxs O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybli deb topildi va jazo tariqasida 3 yil muddatga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida davlat daromadi hisobiga undirilib borishlik sharti bilan ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish, ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi. Bunday adabiyotlarni olib kelish, sotish va tarqatishga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Top