15:48 / 08.02.2016
3440

Xristo Stoichkov 50 yoshga to‘ldi

1994 yilda "Oltin to‘p" va "Oltin butsa" mukofotlarini qo‘lga kiritgan, o‘sha yilgi jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan bolgariyalik sobiq futbolchi Xristo Stoichkov bugun 50 yoshini nishonlamoqda.

Stoichkov 1966 yilning 8 fevralida Bolgariyaning kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Plovdiv shahrida (poytaxt Sofiyadan keyingi - tahririyat) dunyoga kelgan. U 10 yoshida "Maritsa" nomli mahalliy klubning bolalar jamoasida o‘ynay boshlagan. Stoichkov bu jamoada 20 yoshigacha qolgan va 1984 yilda "Xebros" jamoasiga, 1 yil o‘tib Sofiyaning TsSKA jamoasiga o‘tgan.

Poytaxtliklar safida Xristo 6 mavsum o‘tkazgan va bu jamoa bilan 3 marta Bolgariya chempioni bo‘lib, 4 marta mamlakat kubogiga ega chiqqan. 1990 yilda bolgariyalik bu futbolchi chempionatda 38ta gol urish orqali "Oltin butsa" mukofotini qo‘lga kiritgan. 1989-90 yillar mavsumida u jamoasi bilan Kubok egalari kubogi yarim finaligacha borib "Barselona"ga qarshi 2 uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan (2:4 va 1:2). Bu o‘yinlarda Stoichkov jamoasining 3ta golini ham o‘zi urgandi. Shu sababli, keyingi mavsumda u kataloniyaliklar safiga o‘tgan. Uni Ispaniya jamoasi 2 mln funt sterling evaziga xarid qilgan.

"Ko‘k-anorranglilar" safidagi 6 mavsum davomida Stoichkov 4 marta Ispaniya chempioni bo‘ldi va Ispaniya kubogi sohibiga aylandi. Shuningdek, bu vaqt davomida "Barselona" bir marta Yevropa Chempionlari kubogi hamda bir marta Kubok egalari kubogi sohibiga aylandi. Olti mavsum davomida futbolchi bu kataloniyaliklar uchun 83ta gol urgan. 1994 yilda u "Oltin butsa" mukofoti bilan taqdirlangan.

1995-96 yillar mavsumida Stoichkov Italiyaning "Parma" jamoasi safiga o‘tdi. 1 yil o‘tib u yana Kataloniyaga qaytgan.

1997 yilda bolgariyalik Saudiya Arabistonining "Al-Nasr" jamoasida, keyinroq Yaponiyaning "Kashiva Reysol" (1998-1999 yy), AQShdagi "Chikago Fayr" (2000-2002 yy) hamda "Di Si Yunayted" jamoalarida o‘ynagan.

Stoichkov 2003 yilning 1 dekabrida futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida e'lon qilgan.

U 1987 yildan 1999 yilgacha bo‘lgan muddat davomida milliy terma jamoa uchun 83 o‘yin o‘tkazgan va 37ta gol urgan. Uning terma jamoa safidagi eng katta muvaffaqiyati 1994 yilda AQSh maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘sha yili Bolgariya termasi turnirning yarim finaliga chiqqan va Stoichkov 6ta gol bilan turnir to‘purarlaridan biri bo‘lgan.

2004 yilda Stoichkov murabbiylik faoliyatini boshladi va mamlakat terma jamoasini boshqardi. U terma jamoani 2006 yilgi mundialga va 2008 yilgi Yevropa chempionatiga olib chiqa olmagach, 2007 yil oxirida iste'foga chiqarildi. Keyinroq u "Selta" jamoasida ishladi. U faoliyat ko‘rsatgan klublar qatorida JARning "Mamelodi Sandaunz" (2009-2010), Bolgariyaning "Liteks" (2012-2013) va TsSKA (2013) jamoalari bor. U murabbiylikda muvaffaqiyat qozona olmagan.

Top