15:11 / 09.02.2016
10628

Toshkent shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi

Bugun, 9 fevral kuni ulug‘ shoirning 575 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkilotlari vakillari, navoiyshunos olimlar, adib va shoirlar, ma'naviyat targ‘ibotchilari, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid buyuk bobomizga bag‘ishlangan «...Navoiy so‘zidin bir g‘azal» nomli yangi she'rini o‘qib berdi.

O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar, mumtoz o‘zbek adabiyoti bo‘yicha izlanayotgan chet ellik tadqiqotchilar Alisher Navoiy ruboiylaridan namunalarni o‘zbek tilida o‘qidi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Elmurod Ahmedov va Furqat Ashuraliyev ijrosida ulug‘ shoir g‘azali asosidagi qo‘shiqlar yangradi. Shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Shu kuni Toshkent shahridagi Shoirlar xiyobonida ham ulug‘ mutafakkir tavalludiga bag‘ishlangan ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim, akademik A.Qayumov, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toyir va boshqalar Navoiy ijodining umrboqiyligi, jozibasi, ilmiy, tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘zladi.

Alisher Navoiy asarlaridan namunalar o‘qildi. Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar mushoiraga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham o‘tkazilmoqda.

Top