20:16 / 10.02.2016
22397

Gulsanam Mamazoitovaning konserti qanday o‘tayapti?

“Men sizni topgunimcha”. Ha, o‘z yo‘lini, o‘z muxlislarini “topgunicha” Gulsanam Mamazoitova qancha ter to‘kkani haqida muxlislarning bilganidan bilmagani ko‘pligi aniq. Aytish kerakki, bugun xonandaning ijodini qadrlaydigan, hurmat qiladigan, tan oladigan va yaxshi ko‘rib, tinglaydiganlar kam emas. Ana shunday ixlosmandlar ayni kunlarda “Istiqlol” san'at saroyiga, xonandaning “Men sizni topgunimcha” nomli konsertiga oshiqmoqda.

Besh kunlik konsert dasturiga Gulsanam Mamazoitova jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Sahna dekoratsiyasi, liboslar, raqslar, rang-barang qo‘shiqlar, sozlarning jonli ovozi uyg‘unligi va jonli ijro. Har bir detalni e'tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilingan.

Ayniqsa, “Sog‘lom ona va bola yili”ga bag‘ishlangan, bolalar bilan birga kuylangan qo‘shiq ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Bolalar belgilangan qo‘shiqni yuksak darajada ijro etishmagan bo‘lsa-da, ulardagi beg‘ubor ovozlar yuraklarni zabt eta oldi. Har holda mazkur sahnada mana-man degan ayrim “yerdagi yulduzlar”ning jonli qo‘shiq aytishga jur'ati va imkoniyati yetmayotgan bir paytda bu, albatta, taqsinga loyiq holat.

Odamlar, jonli ijro zavqini his qiladiganlar, konsertdan o‘zlari qidirganlarini topishmoqda. Yuragida o‘ti borlar ayrim shinavandalar esa raqs tushishdan ham tortinishmayapti. Zalda iliq ob-havo hukmron, deyish mumkin.

Orada teleboshlovchi Ahror Qo‘shmatov jonli “Navo” shou bilan zalga o‘zgacha zavq olib kirdi. Odamlar yaxshi qabul qilishdi. Bu ham bir yangilik.

Kontsert to‘rt kun ham shunday ruhda davom etadimi-yo‘qmi, yakunda bilib olamiz. Sayt xodimlari jarayonni kuzatib boradi.

Top