20:30 / 12.02.2016
2588

Aktyor Jorj Kluni va Angela Merkel qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishdi

Gollivudlik aktyor Jorj Kluni, uning rafiqasi Amal Kluni va Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropadagi qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishdi, deb xabar bermoqda The Hollywood Reporter nashri. Ular o‘rtasidagi uchrashuv Kluni o‘zining "Yashasin Tsezar!" deb nomlangan filmini kinofestivalga olib kelgan Berlinda bo‘lib o‘tdi.

Ular o‘rtasidagi suhbat bir soatga yaqin davom etgan. Nashrning ta'kidlashicha, qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng "katta" inqiroz deb atalmoqda.

Merkel devonxonasi vakillari Germaniya yetakchisining Kluni juftligi bilan tushgan suratini omma ixtiyoriga havola qildi, biroq suhbat tafsilotlarini ma'lum qilmadi.

Avvalroq aktyor Merkelning suriyalik qochqinlar borasidagi "ochiq eshiklar siyosatini" qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. "Men u bilan mutlaq hamfikrman", deb aytgandi Kluni jurnalistlarga. Kluni, shuningdek, AQShni Yevropaga ko‘mak berish uchun ko‘proq qochqinlarni qabul qilishga chaqirdi.

Kluni Germaniyaga safari chog‘ida qochqinlar bilan uchrashishni ham rejalashtirgan.

Top