11:20 / 12.02.2016
12115

Jizzax viloyatidagi sement zavodi 1 million tonnagacha portlandsement ishlab chiqaradi

Jizzax sement zavodi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tarkibida tashkil etilgan va yiliga 350 ming tonna oq, 760 ming tonna portland (kulrang) sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirgi kunda korxonada portlandsementning 400- va 500-, oq sementning 600- markalari ishlab chiqarilmoqda.

O‘tgan yili ishlab chiqarilgan 510 ming 385 tonna sementdan 5,5 ming tonna oq, 10 ming tonna portlandsement xorijga eksport qilingan. Joriy yilda sement ishlab chiqarish 650 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, korxona tomonidan oyiga o‘rtacha 24 ming 587 kubometr ohaktosh ham qazib olinadi. Bu haqida Jizzax sement zavodining rejalashtirish va iqtisod bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Qorjovov ma'lum qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Jizzax sement zavodida pechlardan ko‘tarilayotgan chang filtrda 100 foiz tutib qolinadi va mahsulotga aylantiriladi. Bu ekologiyaga salbiy ta'sirlarning kamayishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Hozirda tabiiy, texnik, iqtisodiy imkoniyatlar hisobga olinib, korxonada portlandsement ishlab chiqarishni 1 million tonnaga yetkazish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Qiymati 35 million 800 ming dollar bo‘lgan ushbu loyihada belgilangan ishlarning hozirgacha 62 foizi bajarilgan. Ushbu loyiha amalga oshgach, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

“Zavodda mehnat qilayotgan 700 dan ziyod ishchining aksariyati Forish, G‘allaorol va Zafarobod tumanlaridagi kasb-hunar kollejlari hamda Jizzax politexnika institutini bitirgan yosh mutaxassislardir”, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.

 

Top