10:27 / 12.02.2016
2183

Myunxendagi muzokaralarda tomonlar Suriyaga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kelishib olishdi

Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhiga a'zo davlatlarning Myunxendagi uchrashuvida qamal sharoitlarida yashayotgan suriyaliklarga shoshilinch ravishda insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kelishib olishdi.

Bunday yordamlar quruqlik va havodan shu haftaning o‘zida yetkazib berila boshlashi aytilgan.

Uchrashuvda Rossiya, AQSh, Misr, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Iroq, Eron, Italiya, Iordaniya, Qatar, Livan, Ummon, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA hamda Yevroittifoq, BMT va Arab davlatlari ligasi vakillari ishtirok etdi. Ularning asosiy vazifasi 3 fevral kuni to‘xtatib qo‘yilgan Suriya bo‘yicha muzokaralarni tiklashdan iborat bo‘ldi.

Ishtirokchilar Suriyaning barcha hududlarida o‘z ta'siridan foydalangan holda insonparvarlik yuklarining kerakli joyga yetib borishini ta'minlashni zimmasiga olgan.

Muzokara ishtirokchilari insonparvarlik yordamlari barcha tomonga teng taqsimlanishi, bunda BMT Xavfsizlik kengashi va xalqaro inson huquqlari rezolyutsiyalari bo‘yicha ish tutilishiga kelishib olishgan.

Bundan oldinroq, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Myunxendagi muzokaralarda Suriyada bir hafta ichida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olingani haqida ma'lum qilgandi.

Top