12:19 / 13.02.2016
18782

O‘quvchi lotincha 3-sinf darsligi muqovasi kirillcha ekanini payqab qoldi

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi Maslahat.uz guruhi foydalanuvchisi  mazkur darslikning muqovasida kirill va lotin alifbosi almashtirib yuborilganini xabar qilgandi.

"Ta'lim vazirligi qayerga qarayapti? 3 sinfda o‘qiydigan qizim topdi xatoni", deya yozgandi guruh a'zolaridan biri.

Shundan so‘ng post ostida guruhning ko‘plab foydalanuvchilari bahs-munozaraga kirishishgan.

Postga izoh yozgan foydalanuvchilardan bir qanchasi vazirlikni o‘z ishiga va kelajak avlodning savod olishiga e'tiborsizlikda ayblagan.

Boshqa tomondagilar esa bu xato ta'lim vazirligining emas, bosmaxonadagilarning xatosi ekani, bosma xodimlari rus tilidagi kitob uchun muqovani lotin tilidagi kitob blokiga yopishtirib qo‘ygani haqida aytgan.

Yana bir foydalanuvchi esa, "Ta'lim vazirligidagilar asosan katta xatolar qilishi, bunaqa kichiklariga aralashmasligi"ni yozib, kinoya qilgan.

O‘zini Xalq ta'limi vazirligi tizimida chet tillari fanlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i sifatida tanishtirgan Xurshida Isoqjonova bu munozaraga qo‘shilgan.

"Bildirilgan fikrlar qaysidir ma'noda o‘rinli. Fikr va tanqidlarga to‘g‘ri baho bera olishimiz va ularni bartaraf etishimiz yaxshi. Lekin, ayrim hollarda bu kabi fikrlar ijobiy tanqid emas, balki qo‘pol tarzdagi malomatlar orqali bildiriladi. Men shu soha mutaxassisi bo‘lganligim va hamkasblarim hulosalari bilan chop etilgan darslik yuzasidagi fikrlarga ma'lumot berib o‘tmoqchiman", deydi u.

U bu jarayonda sanitariya epidemiologiya markazi, nashriyot xodimlari, psixologlar, amaliyotchi o‘qituvchilar va boshqa kerakli soha mutaxassislari jalb etilishi, bu jarayonlarni esa Xalq ta'limi vazirligi muvofiqlashtirib borishini bildirib o‘tgan.

"Bu kabi xatoliklar ko‘p uchrab turishini bilamiz. Lekin bu jarayon juda katta hisoblanib, nashriyotlarda aynan shu sohadagi mutahassislar kam bo‘lishi, ish ko‘lami esa katta bo‘lishi ham bir sabab. Aynan bu xatolik nashriyot xatoligi hisoblanib, darsliklar nashrdan chiqarilgandan so‘ng nashriyot xodimlari tomonidan tekshirilib, o‘z muhrlari bosiladi. Bu muhr raqamlangan bo‘lib, nashriyot xodimi raqami hisoblanadi. Bu degani aynan o‘sha xodim darslik yaroqliligini tasdiqladi, degani.

Nashrdan tekshiruvdan o‘tgan darsliklar esa Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tuzilgan guruh tomonidan ekspertiza qilinadi. Bunda nashriyotdan tirajga qarab qisman darsliklar tahminiy olinib birma-bir tekshiriladi. Bu jarayonda hamma darsliklarni birma-bir ko‘rish imkoniyati bo‘lmaydi va nashriyot tomonidan berilgan hulosalarga ham tayaniladi.

Amaldagi darsliklar yil davomida o‘quvchilar qo‘lida bo‘lishiga qaramay tahlil qilinadi va keyingi nashrga tayyorlanadi.

Ushbu darslik qayta nashr davriyligi 2 yilda 1 marta bo‘lganligi sababli keyingi nashrga tayyorlash jarayonida shu va shu kabi xatolar albatta hisobga olinib, bartaraf etiladi", deydi vazirlik vakili.

U darslikdagi xatoni payqagan o‘quvchining onasiga bu borada vazirlikka qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qilgan. Bu esa o‘z natijasini ko‘rsatgan.

"Xalq ta'limi vazirligiga qo‘ng‘iroq qildim. Yozib olishdi. Natijasini xabar qilisharkan. Kitoblardagi kamchilik bo‘yicha 17-chi bo‘lib shikoyat qilibman", deydi o‘quvchining onasi.

U telegramdan suratni jo‘natgani, tez orada qo‘ng‘iroq qilib javob qaytarishgani, bunday xato faqat bir nechta kitoblarda kuzatilgani haqida ma'lum qilishganini qo‘shimcha qilib, vazirlikning munosabatiga yaxshi baho bergan.

Munozaraga darsliklarga mas'ul bo‘lgan Xalq ta'limi vazirligi vakili ham qo‘shiladi.

Vazirlikning Darsliklar va o‘quv metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish bo‘limi boshlig‘i Azizbek Ortiqov bu holat bo‘yicha atroflicha izoh bergan.

"Har bir darslik tayyorlanganida 7ta tilda chiqadi va ularning original maketlari o‘zbek tilida bo‘ladi. Ular tarjima qilinadi hamda ushbu darsliklarning 7ta tildagisining hammasini bitta nashriyot chop qiladi. Bu darslikning bitta-ikkitasiga nashriyot tomonidan adashib ruscha nusxaning muqovasini yelimlab qo‘yishgan. Bu darslik bu yildan qayta nashr qilinishi rejalashtirilgan", deydi u.

Uning aytishicha, o‘quvchiga o‘sha "brak" holatda chiqarilgan darslikning o‘rniga yangisi berildi.

Xalq ta'limi vazirligining vakili ota-onalarga farzandlari foydalanayotgan kitoblarda mavjud bo‘lgan xato-kamchiliklar bo‘yicha takliflarini a.ortiqov@xtv.uz elektron pochta manziliga jo‘natishlari mumkinligini ham ma'lum qilgan.

Top