15:02 / 15.02.2016
6107

“Umra-2016”ning bahor mavsumi boshlandi

Vazirlar Mahkamasining huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning 15 fevralidan 26 mart kuniga qadar “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerlarida o‘zbekistonlik ziyoratchilarni bahor oyidagi umra safariga yuborish rejalashtirilgan.

Bahorgi umra ziyoratida jami 5498 nafar fuqarolarimizning Toshkent – Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 24 ta charter reysida safarlari tashkil etiladi.

Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 8 nafar ishchi guruhi, 107 nafar guruh rahbari, 27 nafar shifokor va 8 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Joriy yilning 11 fevral kuni ziyoratchilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni amalga oshirish maqsadida 2 nafar ishchi guruhi a'zolari Saudiya Arabistoniga jo‘natildi. Bugun 15 fevral kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 230 nafardan iborat dastlabki guruhi Toshkent-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligiga kuzatildi.

Ziyoratchilarga safardan oldin davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo‘llanmasi va videotasmalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarda meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 150 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli “Nur al-Mavadda” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 1700 metr uzoqlikdagi “Nama' al-Mavadda” mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar.

Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan. 

Joriy yilning 25 fevral kunidan 5 aprel kuniga qadar fuqarolarimizni umra ziyoratidan Vatanimizga olib kelish ishlari rejalashtirilgan. Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Top