18:11 / 15.02.2016
4196

Kia Optima yo‘l-yo‘lakay o‘zini quvvatlaydigan gibridga aylandi

Kia kompaniyasi Chikago avtosaloniga to‘rtinchi avlod Optima modelining yangi modifikatsiyasini olib keldi. Mazkur sedan xo‘jalik elektr tarmog‘idan quvvat olishi mumkin bo‘lgan birinchi Janubiy Koreya gibridiga aylandi. Bu haqda carzone.uz xabar bergan.

Asosiy quvvat qurilmasi tarkibidan 156 ot kuchiga ega ikki litrli benzinli motor, 50 kilovattlik elektr dvigatel hamda orqa o‘rindiqlar ostiga joylashtirilgan 9,8 kilovatt-soatlik litiy-polimerli batareya jamlanmasi o‘rin egalladi. Agregatlarning umumiy quvvati 205 ot kuchiga teng.

Batareyalarning 240 va 120 voltlik elektr manbaidan to‘liq quvvat olishi uchun mos ravishda uch va to‘qqiz soatdan kamroq vaqt talab qilinadi. Gibrid faqatgina elektr motor bilar harakatlansa 43 kilometr yo‘l bosishi mumkin, ammo qurama tartibda 965 kilometrgacha yo‘l bosish mumkin.

Mashina dvigateli uch xil tartibda ishlay oladi: to‘liq elektr (EV), gibridli (HEV) hamda “zaryadlovchi” (PHEV), ya'ni yuqori tezlikda harakatlanish vaqtida ishlab chiqarilgan energiya batareyaga qaytib tushaveradi.

Yangi avtomobil tormozlanish vaqtida energiyani regeneratsiya qilish tizimi, radiator panjarasidagi faol zaslonka (qopqoq) va yaxshilangan aerodinamika bilan ta'minlangan. Old tomondan havo qarshiligi koeffitsiyenti 0,24ga teng bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich Tesla Model S`niki bilan bir xil.

Kia Optima PHEV savdosi 2016 yilning ikkinchi yarmidan boshlanishi kutilmoqda.

Top