18:57 / 15.02.2016
2229

NYT: Zika virusi tufayli Obamaning Kubaga tashrifi bekor qilinishi mumkin

AQSh prezidenti Barak Obamaning Kubaga uyushtirishi kutilayotgan tarixiy tashrifi Lotin Amerikadan butun dunyoga tarqalishi boshlangan Zika bezgagi tufayli bekor qilinishi mumkin. Bu haqda The New York Times nashri xabar tarqatgan.

Obama bu tashrifni juda istayotgani aytilgan.

"Obama o‘z prezidentligining oxirgi yilida Kubaga borishni istamoqda. Prezident yordamchisi bu safar keyingi oydayoq amalga oshishi mumkinligiga ishora qilgandi, ammo tibbiyot xodimlari yaqin vaqt ichida Zika bezgagi Kubaga ham kirib kelishi mumkinligini bashorat qilishgan, shu tufayli Obamaning niyati amalga oshmay qolishi mumkin", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, prezidentning xorijiy safarlari yuzlab xodimlar ishtirokida uyushtiriladi. Xodimlar orasida homiladorlar yoki kelgusida farzand ko‘rishni rejalashtirganlar bo‘lishi mumkin.

Qon so‘rar pashshalar orqali yuqadigan Zika virusi keltirib chiqaradigan bezgak inson hayoti uchun tahdid uyg‘otmaydi. Ammo kasallikka chalingan homilador onadan farzandiga yuqsa, bolada mikrotsefaliya (boshning me'yordan kichik bo‘lishi)ni keltirib chiqaradi. Virus kam o‘rganilgan, vaksina va samarali davo chorasi ishlab chiqilmagan.

Zika virusi 1947 yilda aniqlangan. Birinchi marta u Ugandada Zika o‘rmonida yashovchi makaka maymunlarida aniqlangan. Oradan bir necha yil o‘tganidan so‘ng kasallik insonlarda ham qayd etildi. Mikroneziya va Polineziyada kasallik urchigan 2007 yilga qadar Zika virusi insonlarda kamdan-kam holatlarda aniqlangan. Aniqrog‘i, jami bo‘lib 15 holatda kasallanish kuzatilgan. Garchi asosan pashshalar orqali yuqsa ham, insondan insonga jinsiy yo‘l bilan ham o‘tishi mumkin. Ko‘pchilik kasallikni tik oyoqda o‘tkazib yuborishadi va shifokorlarga murojaat qilishmaydi.

Virus keltirib chiqaradigan Zika bezgagi yengil kechadi va o‘limga olib kelmaydi. Kasallik kon'yunktivit (ko‘z shilliq pardasining yallig‘lanishi), bosh va bo‘g‘inlar og‘rig‘i, yallig‘lanish jarayonlari, alohida holatlarda esa ko‘ngil behuzur bo‘lishi va qayt qilish, oshqozonda buzilish va og‘riqlarni keltirib chiqaradi.

"Yaxshi yangilik shundaki, Zika Ebola kabi o‘limga olib kelmaydi. Lekin bu virus homilador ayollar va farzand ko‘rish niyatida bo‘lgan ayollar uchun xavfli hisoblanadi", degan Obama o‘z intervyusida.

Hozirgacha Obama yoki uning ma'muriyatidagilar Kubaga tashrif bo‘yicha rejaning o‘zgargani haqida aytishmagan. Bundan oldinroq, yanvar oyida AQSh Moliya vaziri Jyeykob Lyu Kuba poytaxti Puerto-Rikoga mamlakatning moliyaviya muammolarini muhokama qilish uchun tashrif uyushtirgandi. AQSh vitse-prezidenti Jozef Bayden esa fevral oyi oxirida Meksikaga borishni rejalashtirgan. Ikki mamlakat ham Zika virusi tarqalishi xavfi ostidagi mamlakatlar hisoblanadi. Bundan tashqari, AQSh prezidenti ma'muriyati vakillaridan iborat katta delegatsiya 2016 yilgi Yozgi olimpiadaga mezbonlik qiladigan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga safar qilishi mo‘ljallangan.

Top