16:35 / 16.02.2016
8427

Texnologik rivojlangan jamiyat uchun xodimlarni tarbiyalash tajribasi

Kuzatishlar shuni ko‘rsatyaptiki, ko‘pgina korxonalardagi sifat muammolarining asosiy sababi inson omili ekan. Bular – standartlashtirilgan ishni bajarishdagi xatolik, ishdagi bir yoki bir necha elementni yoki umumiy tartib-qoidalarni bajarishni inkor qilish. Ishlab chiqarish sanoatida murakkab operatsiyalar uchun xato yuz berishiga yo‘l qo‘ymaydigan vositalar o‘rnatiladi. Shunday vositani kadrlar tayyorlashda ishlatsa bo‘ladimi? Bu makolada men xodimlarni tayyorlash jarayoniga «xatolardan ximoya qilish vositasi» ni tadbiq qilishni muhokamaga qo‘ymoqchiman.

Xitoy sanoati arzon narxlarlarga asoslangan raqobatbardoshligi bilan butun jahonga o‘zini bildirib turgan vaqtda, yevropa sanoati mahsulotning raqobatbardosh tannarxi endi arzon ishchi kuchi bilan ta'minlana olmasligini, va iqtisodning rentabelligi unda albatta ilmiy-izlanish va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘lishiga va xodimlarning murakkab texnologik vazifalarni yecha olish qobiliyatiga qarab belgilanishini ta'kidlamoqda.

Bu quruq gap emas, balki bir asosli dalil, va tafovut ta'lim tizimi va xodimlarni tayyorlash sifatidadir. Buni ko‘rsatishni taqqoslashsiz iloji yo‘q, va bunda menga yapon ta'lim tizimi bilan tanishligim yordam beradi.
Men 2007-2009 yillari u yerda magistraturada o‘kiganimda, farzandlarim 2008 yil iyulidan 2009 yil noyabrigacha umumiy bolalar bog‘chasi (koyxu-en), boshlang‘ich maktab (shyo-gakko) va boshlang‘ich o‘rta maktab (chyu-gakko) larga borishdi. Xususiy bolalar bog‘chalari va maktablari ham bor, va ularda ta'lim intellektual o‘yinlar asosida tashkil kilingan. Men o‘kigan Toyoxashi Texnologiya Universiteti professori janob Yamadaning tushuntirishicha, bunday ta'lim metodologik ta'lim deb ataladi, va u tez orada umumiy bolalar bog‘chalari va maktablarida ham ko‘llanilinishni boshlaydi.

Yapon bolalar bog‘chasida bolalarga nimani o‘rgatishadi? Xodimlarni tayyorlashning dastlabki bosqichi.

Yaponlar dengiz maxsulotlarini ko‘p iste'mol kilganlari uchun fan va texnologiyada ilgor, - degan gap bor. Men esa, yaponlarning muvaffakiyati ularning ta'lim tizimiga va bolalar bog‘chasidan boshlanadigan xodimlarni tayyorlashning uzluksiz jarayoniga bog‘lik, deb hisoblayman. Farzandlarini bog‘chaga joylash uchun ota-onalar mahalliy munitsipalitetning ta'lim bo‘limiga mo‘ljallaridagi muddatdan 6 oy oldin ariza topshirishlari shart. Xamma bolalar yashash joylaridagi bolalar bog‘chasiga borishi lozim. Ilojsiz hollarda bolalar onalarining ish joyiga yaqin bog‘chaga joylanishi mumkin. Birinchi kuniyoq bolalar bog‘chaga ryukzaklari, ustki va ichki kiyimlari, poyafzallari, idishlari, fartuklari, qalam va boshka buyumlariga ismi-sharifi yozilgan yorliqlari (ya'ni, markirovka) bilan kelishlari shart. Yorliqlar suvga chidamli yozuv bilan bajariladi. Kichik guruh tarbiyalanuvchilari qizil rangdagi va katta guruh tarbiyalanuvchilari yashil rangdagi, bolani qosh qoraygan vaqtdagi serqatnov harakatda ham sezilarli qiladigan nur qaytaruvchi tasma qadalgan panamachalarni kiyishlari majburiydir.

Odatda 2 yoki undan kattaroq yoshdagi bog‘chaga yangi kelgan bolani birinchi kunidanoq kattalarga o‘zini qanday tanishtirishni, kiyimi va boshqa buyumlarini aniq ajratilgan joyga taxlab-terib qo‘yishga o‘rgatishadi. Yorliq qadash, narsalarni ajratilgan joyga terib-taxlash bu zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati, 5S, ning 2- va 3-chi elementlaridir. Tarbiyalanuvchilarga keyingi ko‘yiladigan talablar – berilgan ovqatni hammasini yeyish, ovqatdan keyin tish tozalashdan va bir oyda bir marta ftor eritmali suvda tishini chayqashdan bosh tortmaslik. Agar bola yaxshi ovqatlanmasa, ota-onalarga zudlik bilan habar beriladi, va ular, o‘z navbatida, shifikorga murojaat qilishlari zarur bo‘ladi. Bolalar bog‘chalari va maktablar uchun oylik taomnomalar mahalliy munitsipalitetning sog‘likni saqlash bo‘limi tomonidan tasdiqlanadi. Har oy oxirgi dekadasining o‘rtasida (kelasi oy uchun tuzilgan) taomnoma nusxasi bola ryukzagida ota-onalar e'tibori uchun jo‘natiladi. Agar bola biror-bir mahsulot yoki taomni yeya olmasa, ota-onasi bu hakda bog‘cha/maktabga bir enlik xat bilan xabar beradi. Kerakli kunda ota-onalar o‘z uylaridan bola ryukzagida ovqat berib yuborishadi.

Tarbiya rejasi o‘ta zich. Ta'limning xamma bosqichlaridagi tarbiya shiori – hamma bola o‘zlashtirishi shart (NCLB – No child left behind). Kichik gurux bog‘cha bolalari yil oxirida 20 minutli sahna chikishini bajara olishlari shart. Katta guruh bog‘cha bolalarining 3-5 ta roldan tashkil topgan sahna chiqishlari vaqti umumiy hisobda 2 soatgacha boradi. Bundan tashqari yong‘in, suv toshqini va zilzila vaqtida bajariladigan harakatlar va jismoniy tayyorgarlik (quvnoq startlar) bo‘yicha ham muntazam mashg‘ulotlar olib boriladi. Tayyorgarlik natijalari ota-onalarga, maorif bo‘limiga va munitsipalitet vakillariga yiliga bir marta namoyish qilinadi: favqulodda vaziyatlar bo‘yicha – iyulda, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha – sentabrda, badiiy ko‘nikmalar bo‘yicha – dekabr oyi oxirida. Hususan olganda, mening katta o‘g‘lim bolalar bog‘chasiga 2008 yil iyul oyidan bora boshladi, va u xamma tadbirlarda ishtirok etdi. Yangi yil oldidan o‘tkaziladigan badiiy ko‘rik (yaponcha «oyogi-kay», inglizcha “scene play”) da u umumiy 2 soatcha davom etgan 3 ta chiqishda qatnashdi. Buni men, agar o‘g‘lim tilni umuman tushunmaganligini hisobga olsak, tarbiyachilarning 5,5 oyda erishgan juda katta yutug‘i deb hisoblayman.

Tejamkor maktab kun tartibi (Lean Education Schedule), yoki ishlaydigan ota-onalar farzandlarining qarovsiz vaqtini kamaytirish

Yapon maktablarida o‘quv yili aprel oyidan boshlanadi. Bolaning ustida uning ismi-sharifi, maktabi nomi va sinfi yozilgan majburiy maktab uniformasi bo‘ladi. Qizlarning boshidagi panamka va o‘g‘il bolalarning boshidagi beysbolka sariq rangda bo‘ladi. Ryukzaklariga ichimlik termosi joylangan va favqulodda holatlarda ishlatiladigan hushtak ilingan bo‘lishi kerak. Xar bir maktabning uniformasi boshqasinikidan farq kiladi va ularda albatta qorong‘i vaqtda yorug‘lik qaytaruvchi elementlar bo‘ladi. Bu, mantiqan olib qaraganda, doimo zilzila xavfi bo‘lgan, aholisi zich joy uchun bexato rioya kilinishi shart bo‘lgan xayot xavfsizligi qoidalarining bir bandidir.

Maktabga qatnashning dastlabki 3 kuni tanishuv kunlari hisoblanadi va bolalarni uylariga o‘z onasi yoki buvisi/buvasi bilan birgalikda soat 12 gacha qaytarishadi. 4-kundan boshlab soat 08:00 dan 15:30 gacha to‘la kun tartibi bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlanadi. Har bir kvartal yoki ko‘chada yashovchi boshlang‘ich maktab o‘quvchilari belgilangan joyda ertalab soat 07:20 – 07:30 da yig‘ilishadi va u yerdan maktab kengashi tomonidan tayinlangan yuqori sinf o‘quvchilari kuzatuvida maktab tomon yo‘l olishadi. Boshlang‘ich maktab o‘kuvchilariga ota-onalari yoki qarovchilarisiz do‘kon va bozorlarga kirish ta'qiqlangan. To‘liqsiz o‘rta maktab o‘quvchilari maktabga alohida-alohida, albatta kaska kiygan holda, o‘z velosipedlariga minib borishaveradi. Velosiped o‘quvchi nomiga, ilojsiz hollarda esa ota-onalardan birortasining yoki boshqa qarovchisining nomiga rasmiylashtiriladi, va yagona ma'lumotlar bazasida ro‘yhatga olinadi. Politsiya vaqti-vaqti bilan reyd o‘tkazib, velosiped texnik holati va egasiga haqiqatan tegishli yoki yo‘qligini tekshirib turadi.

Soat 07:50 da hamma bolalar o‘z sinf xonalarida o‘tirishlari shart. Yapon bolalarining o‘quv kun tartibini quyidagi jadvaldan ko‘rib, uni ba'zi MDH davlatlaridagi bolalar maktab kun tartibi bilan solishtirib mumkin.

Jadval. Yapon va ba'zi MDH davlatlari bolalarining maktab kun tartibi.

* smenaga karab farq qiladi
** xar xil shahar/viloyatlarda xar xil

Umumiy maktablarga qatnovchi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar asosiy darslardan keyin sport va badiiy to‘garaklarga borishmaydi, chunki bularning hammasi maktab programmasiga qo‘shilgan.
Qiziqish va qobiliyatlariga qarab, bolalar xar xil musiqa asboblarida shug‘ullanish uchun bo‘linadilar. Musiqa asboblarining asosan puflab chalinuvchi, torli va zarbli turlari bilan shug‘ullanishadi. Xovlidagi katta sport maydonidan tashqari, boshlang‘ich maktablarda (shyo-gakko) bittadan basseyn va sportzal bor. Boshlang‘ich o‘rta maktablarda (chyu-gakko) ular ikkitadan, va jismoniy tarbiya darslariga dzyudo, karate, kamondan otish, qilichbozlik, tennis, voleybol, basketbol va suzish mashg‘ulotlari qo‘shiladi.

Matematika darslari juda jadal olib boriladi va shu darajaga yetkaziladiki, ikki xonali sonlarni uch xonali sonlarga ko‘paytirish va uch xonali sonlarni ikki xonali sonlarga bo‘lish ko‘nikmalari, bir xil mashqlarni xar xil talqinda qaytarish orqali, kalkulyatorsiz avtomatik holda bajariladigan bo‘ladi. Shunday odat bor – boshlang‘ich maktabni bitirayotgan bolaning matematikadan tutgan daftarlari qalinligi bolaning o‘z bo‘yiga teng bo‘ladi, boshlang‘ich o‘rta maktabni bitirayotgan bolaning matematika daftarlari qalinligi bolaning o‘z bo‘yidan bir qarich baland bo‘ladi. Yana bir e'tiborni tortadigan holat: boshlang‘ich o‘rta maktabni bitirgunlaricha bolalar qalamda yozishadi.

Maktab o‘quvchilarining o‘qish kitoblari asosan xalk ertaklari, masallar va tarixiy xikoyalardan tashkil topgan bo‘ladi. Boshlang‘ich maktab kitoblarida ularning hajmi yarim betdan, boshlang‘ich o‘rta maktab kitoblarida bir betdan oshmaydi, va bu ularning qiziqarli bo‘lishini va oson o‘zlashtirilishini ta'minlaydi.

Boshlang‘ich o‘rta maktab o‘quvchilari jumladan yunon afsonalari va Ezop masallarining ma'nosini yaxshi tushunishadi. Misol uchun, «Dedal va Ikar» afsonasida quyosh - haqiqat, qanot - bilim, mum - jamiyatdagi bilimlarning o‘zaro bog‘liqligining timsollari ekanligini kichik kursdagi yapon toliblaridan bildim. (Bunaqa fikrni, masalan, o‘zbek maktablari boshlang‘ich sinflarining o‘qish kitoblariga nisbatan aytish qiyin. Hikoyalar hajmi ko‘p hollarda ikki varaqdan ortiq, qiziqarli emas va eslab qolish uchun noqulay.)
Fizikadan amaliy mashg‘ulotlar mehnat va tabiatshunoslik mashg‘ulotlari bilan uyg‘unlashtiriladi. Boshlang‘ich maktabning 5- va 6-sinflarida fizika va tabiatshunoslik uchun bita darslik qo‘llaniladi. Shu dasrliklar vositasida yovvoyi tabiat, honaki o‘simlik va hayvonlar bilan muomala qilishni xam o‘rgatishadi.

Jismoniy tarbiya, mehnat va musiqa darslari tushlikdan keyin, xaftasiga uch marta o‘tkaziladi. Mehnat darslarida o‘quvchilarni igna, ip va xar xil uy elektr anjomlarini ishlatishga va ovqat tayyorlashga o‘rgatishadi. Birinchi o‘quv yilining oxirida boshlang‘ich maktab o‘quvchisi, agar jismoniy chegaralanmagan bo‘lsa, o‘z kiyimiga tugma qadashni va maishiy chiqindilarni turiga qarab ajratishni, oltinchi o‘quv yilining oxiriga kelib esa hamma turdagi uy elektr anjomlarini ishlatishni va o‘zi uchun yengil tayyorlanuvchi taomni pishirishni bilishi shart. Bu bilan chegaralanmasdan, mehnat darslarida (tasviriy san'at darslari emas) o‘quvchilar loy va boshqa oson topiladigan ashyolardan haykalchalar yasashni o‘rganishadi. Boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining mehnat darslarida yasagan badiiy ishlari xar yili sentabr oyida ko‘rikka qo‘yiladi. Xar bir o‘quvchi bu ko‘rikka kamida bitta shaxsiy ishi bilan yoki ikkita gurux ishiga qatnashib borishi kerak.

Kollej va maxsus maktab o‘quvchilari ixtisoslik bo‘yicha bilim olishadi, va u bilimlar diplom oldi amaliyoti bilan sohaga taaluqli universitet yoki texnopark qoshida mustahkamlanadi. Yaponiyadagi kompaniyalar o‘z muttaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘z programmalariga ega va bu hattoki o‘zlarining qaramog‘ida bo‘lgan universitetlardan xam sir tutiladi. Bakalavr yoki magistr ma'lumoti bilan kelgan yangi muttaxassislarning mehnat faoliyati odatda sotuv bo‘limidan boshlanadi.

Bu xususda masalaning moliyaviy tomoniga ham nazar tashlash kerak deb o‘ylayman. Yaponiyadagi eng baland oylik eng past oylikdan olti marta katta, va muallimlarning oylik maoshi o‘rtachadan kam emas. Keyin, yapon maktablarida birorta muallim, oddiyidan tortib direktorigacha, bitta joyda 3 yildan ortik ishlamaydi. Muallimlarning jamiyatdagi o‘rni yapon ta'lim tizimi samaradorligining yana bir muhim omili va ularning o‘z ishiga bo‘lgan fidokorligining sababidir. Yaponiya misolida ortikcha isbot dalillar qidirmasdan shuni bilish mumkinki, ta'lim jarayoni, uning ichki (bolalar bog‘chasidan oliy ta'limgacha) va tashqi (oliy o‘kuv yurtlari va iqtisodiyot sohalari orasida) aloqalari to‘la ta'minlansa va unga xar tomonlama va yaxlit yondashilsa, mamlakatda iqtisodiy muvaffaqiyatni ta'minlashi mumkin ekan.

Gapimning oxirida shuni aytmoqchimanki, xodimlarning ishlab chiqarish madaniyati asosiy qoidalariga rioya qilish xulqini ularning ongiga yoshliklaridanoq singdirib borish katta samara beradi. Bunday jarayonni qo‘llab quvvatlash uchun, xalk xo‘jaligi bo‘lajak xodimlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlariga bo‘lgan talab-hohishlarini ta'lim vazirligiga bildirib turishi lozim, va ta'lim vazirligi bu talab-hohishlarni bajarish uchun uzluksiz jarayonlarni ishlab chiqishi, ularni baholash me'yorlarini kelishishi, va vaqti-vaqti bilan bu jarayonni takomillashtirib turishi kerak.

Bundan tashqari, bunday ta'lim jarayoni kundalik xayotda yul harakati qoidalarini buzish, atrof muhitni ifloslash, maishiy jixozlarni extiyotsiz ishlatish, amaldagi jamiyat va sanoat qonun-qoidalarini inkor qilish kabi illatlarning chiqishini oldini oladi. Keng miqyosda esa, bunday ta'lim jarayoni xar xil murakkablikdagi texnologik vazifalarni bajara oladigan, texnologik xizmatlar importi o‘rnini bosibgina qolmay, ularni eksport qilishga qodir raqobatbardosh xodimlarni tayyorlashga yordam beradi.

Faxridin Usmonov

Top