08:50 / 17.02.2016
2238

Fiji Respublikasi iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ma'qullagan birinchi davlat bo‘ldi

Fiji Respublikasi iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ma'qullagan jahondagi birinchi davlat bo‘ldi.

Yangi Zelandiya radiosi ma'lum qilganidek, bu haqdagi hujjat Fiji qonun chiqaruvchilariga mamlakat bosh prokuri va adliya vaziri Ayoz Said-Xayum tomonidan ko‘rib chiqish uchun taqdim qilindi va parlament tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi 2015 yilning dekabrida Parijda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik konvensiyasining 21-konferensiyasi natijalariga ko‘ra qabul qilingan. Uni anjumanning 195 ishtirokchisi qo‘llab-quvvatlagan.

Parij kelishuvidan maqsad issiqhona gazlarining atrof-muhitga chiqarilishini sezilarli darajada kamaytirishdan iborat. Anjuman ishtirokchilari 2100 yilgacha sayyoramizda havo haroratining o‘rtacha oshishini sanoatgacha bo‘lgan davrdagidan 2 gradusdan yuqoriroq oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka va bu ko‘rsatkichni Tselsiy bo‘yicha 1,5 gradus atrofida saqlab turish uchun barcha imkoni bor narsani amalga oshirishga kelishib olishgan.

Tinch okeanida joylashgan mitti Fiji orol-davlati kelishuvni bajarish doirasida 2030 yilgacha o‘zining energiya tizimida faqatgina qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun ishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Parij kelishuvi 2016 yilning 22 aprelidan 2017 yilning 21 apreligacha imzolanish uchun ochiq bo‘ladi. Imzolashni boshlashning tantanali marosimi joriy yilning 22 aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadi. Kelishuv uni umumiy uglerod dioksidi chiqindilari hajmi dunyo bo‘yicha hajmining 55 foizini tashkil qiluvchi kamida 55 ta davlat imzolagandan keyin kuchga kiradi.

Top