10:06 / 19.02.2016
1828

AQShda aviayo‘lovchilarni Ebola virusi chaqirgan kasallik mavjudligini aniqlash uchun tekshirish ishlari to‘xtatildi

AQSh hukumati G‘arbiy Afrikadan uchib kelgan aviayo‘lovchilarni Ebola virusi chaqirgan kasallikning (EBChK) mavjudligini aniqlashga tekshirishni to‘xtatdi. Bu haqda 18 fevralda AQShning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi bo‘yicha federal markazlari xabarida ma'lum qilindi.

"2016 yil 19 fevraldan AQShning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi bo‘yicha federal markazlari va Milliy xavfsizlik vazirligi Gvineyani EBChKdan jabr ko‘rgan davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Gvineya EBChKdan jabr ko‘rgan davlatlardan oxirgisi edi", deb aytilmoqda bayonotda.

Avvalroq Gvineya, Serra-Leone va Liberiyadan kelgan aviayo‘lovchilar AQSh aeroportlarida virusning mavjudligiga maxsus tekshiruvdan o‘tganlar.

AQSh milliy xavfsizlik vaziri Jyey Jonsonning aytishicha, shu tariqa AQShning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi bo‘yicha federal markazlari G‘arbiy Afrikani Eboladan xoli hudud deb e'lon qildi. Jonsonning ta'kidlashicha, bunday tekshiruvlar kiritilgandan keyin oxirgi 16 oy davomida milliy xavfsizlik vazirligi mutaxassislari Ebola avj olgan davlatlardan kelgan 42 mingdan ko‘proq odamni tekshiruvdan o‘tkazgan. Bu tekshiruvlar doirasida yo‘lovchilarning tana harorati o‘lchangan va kasallik alomatlarining mavjudligiga so‘rovnoma o‘tkazilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra ko‘ra, Ebola virusi epidemiyasi oqibatida G‘arbiy Afrikada 28600 kishi kasallangan, ulardan 11300 nafari vafot etgan. Ko‘pchilik qurbonlar Gvineya, Serra-Leone va Liberiyaga to‘g‘ri kelgan. Dekabr oxirida JSST Gvineya Ebola virusi tarqalishini to‘liq to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini e'lon qilgan.

Top