20:09 / 19.02.2016
3409

Hubble teleskopi 10 soat ichida ekzosayyoraning 160 ta tasvirini suratga oldi

Arizona universiteti astronomlari 10 soat ichida 2M1207b ekzosayyorasining 160 ta tasvirini suratga oldi. Bu shunday usul bilan suratga olingan ekzosayyoraning tarixdagi birinchi tasviridir. Natijalar Astrophysical Journal nashrida chop etilgan.

Suratlarni olish sayyora atmosferasini o‘rganish uchun zarur bo‘lgan. Ayniqsa, astronomlarni bu gazli sayyoradagi dog‘-dog‘ bulutlar qiziqtirdi. Avvalroq 2M1207b sayyorasini suratga olishga urinishlar bo‘lgan, biroq dunyodagi eng katta teleskopda ham suratlar aniq chiqmagan. Olimlar bulutlarni tadqiq qilishning yangi usulini, ya'ni ular yorqinligining o‘zgarishi bo‘yicha tadqiq qilishni o‘ylab topishlariga to‘g‘ri keldi. Buning uchun Hubble teleskopidagi Wide Field Camera 3 kamerasi bilan bir qator suratlar olindi. Suratlar bo‘yicha sayyoraning o‘z o‘qi atrofida aylanish davri Yernikidan 2 marta qisqaroqligi aniqlandi.

Bu tadqiqot rahbari Daniel Apaining aytishicha, suratlar shunchalik sifatliki, bu usuldan endi Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan ekzosayyoralarni o‘rganish uchun hamma joyda ishlatiladi. Cloud Atlas deb nomlangan tegishli dastur ham boshlab yuborildi.

2M1207b ekzosayyorasi Yerdan 160 yorug‘lik yiliga teng uzoqlikda joylashgan va Yupiterdan 4 marta og‘irroq. Bu sayyorada kun 11 soatdan kamroq davom etadi, uning harorati esa 1400°S gacha yetadi. Sayyorada gohida suyuq metallar yoki oynadan yomg‘irlar yog‘ib turadi.

Top