20:36 / 20.02.2016
3428

Yahoo! kompaniyasi o‘z internet-biznesini sotishga kirishdi

Amerikaninng Yahoo! internet kompaniyasi haridorlar arizasini o‘rganishi uchun investbankirlarni ishga jalb etdi. Kompaniyaning aksiyalari tushib ketganidan norozi sarmoyadorlar talabi bilan Yahoo! biznes sotuvini amalga oshirmoqchi.

Yahoo! kompaniyasining rahbarlar kengashi o‘zining asosiy faoliyati – internet-biznesi uchun xaridorlar qidirishga uchta sarmoyador bank - Goldman Sachs, JP Morgan va PJT Partners`ni jalb etdi. Bu haqida The Guardian 19 fevral kuni xabar qildi.

Bundan tashqari, kengashda kompaniyaning strategik rivojlanish turlarini o‘rganib chiquvchi maxsus qo‘mita tuzildi. U Yahoo! internet-biznesining xaridi to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqadi.

Ikki hafta avval, kompaniya biznes rivoji bo‘yicha turli strategik al'ternativalarni o‘rganishini aytib o‘tgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Yahoo! bosh ijrochi direktori Marissa Mayyer ishchilarni (15 foizga yaqin) ommaviy bo‘shatish va Dubay, Milan, Mexiko, Buenos-Ayres hamda Madriddagi qator ofis idoralarni yopish jarayonini boshlagan. U bu kabi o‘zgarishlar kompaniyaning daromadini oshirib, Yahoo! kompaniyasini mobil dasturlar va boshqa manfaatli loyihalarda joylanishiga ishonch bildirmoqda.

Shuningdek, Mayyer Yahoo! internet-biznesi ostida yangi kompaniya yaratib, uni Yahoo Japan hamda Alibaba Group`dagi ulushidan ajratish niyatida. Yahoo! kompaniyasining Alibaba`dagi ulushi 26 milliard dollarni tashkil qiladi. Yahoo! kompaniyasining butun bozordagi qiymati esa – 28 mlrd dollarga baholangan.

So‘nggi yillarda Yahoo! kompaniyasining moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashdi. Asl daromad 2008 yildagi 5,4 mlrd. dollardan 2015 yilga kelib 4 mlrd. dollarga kamaydi. 2015 yilning to‘qqiz oyidagi daromad o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 90 martaga qisqardi va 81 million dollarni tashkil etdi.

Top