09:49 / 22.02.2016
17043

Qurol-aslaha eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlar ro‘yxati e'lon qilindi

Dunyo muammolarini tadqiq qilish Stokgolm instituti ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya qurol-aslaha sotish hajmi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda, deb xabar bermoqda RNS nashri.

Ta'kidlanishicha, AQSh 2011-2015 yillar davomida bosh qurol-aslaha eksportchisi bo‘lib qolgan, uning umumiy eksportdagi ulushi 33 foizni tashkil qilgan. Rossiyaning ulushi kamroqni tashkil qilib, 25 foizga teng bo‘lgan. Institut ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh qurol-aslaha eksportining oxirgi 5 yil ichidagi hajmi 27 foizga, Rossiyaniki 28 foizga o‘sgan.

Rossiya 2011-2015 yillar davomida 50 ta davlatga qurol-aslaha sotgan. Rossiya qurol-aslahasining asosiy xaridorlari Hindiston (39 foiz), Vetnam va Xitoy (11 foizdan) hisoblanadi.

Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bosh qurol-aslaha importyorlari hisoblanadi. Vetnam xorijdan sotib oladigan qurol-aslaha hajmini 699 foizga oshirgan hamda bu borada mutlaq yetakchiga aylangan. Undan keyin Saudiya Arabistoni (275 foiz o‘sish), Qatar (279 foiz), Ozarbayjon (217 foiz) va Iroq (83 foiz) kelmoqda. Bu orada Yevropa davlatlari qurol-aslaha importini 41 foizga qisqartirgan.


Dunyoning qurol-aslaha importyor davlatlarining yetakchi o‘ntaligidan 6 ta Janubi-Sharqiy Osiyo davlati joy olgan bo‘lib, ulardan Hindiston hisobiga umumiy qurol-aslaha importining 14 foizi, Xitoyga 4,7 foizi, Avstraliyaga 3,6 foizi, Pokistonga 3,3 foizi, Vetnamga 2,9 foizi, Janubiy Koreyaga 2,6 foizi to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Rossiyaning 2015 yildagi qurol-aslaha eksporti portfeli rekord darajadagi 55 mlrd dollarni tashkil qilgani ma'lum qilingandi.

Top