14:35 / 22.02.2016
14917

To‘rtko‘lda afrika laqqa balig‘i ko‘paytirilmoqda

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 155 sun'iy suv havzasi va 92 tabiiy ko‘lda o‘tgan 2015 yilda 3 ming 410 tonna baliq yetishtirildi. Bu jarayonda tumanlardagi baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning hissasi katta.

Masalan, To‘rtko‘l tumanidagi baliq yetishtirishga ixtisoslashgan “Antiqa” fermer xo‘jaligining 10 gektarlik suv havzasida yiliga 150-200 million baliq chavog‘i yetishtirilib, baliqchilik xo‘jaliklariga tarqatilgan, deb xabar beradi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.

“Fermer xo‘jaligida 2015 yilda Afrika laqqa balig‘ini mahalliy sharoitga moslashtirish va uni ko‘paytirishga kirishildi. Mutaxassislarning fikricha, bu baliq turi kislorod tanqisligiga juda chidamli bo‘lib, 1 tonna suvda 300-350 kilogrammgacha baliq yetishtirish imkonini beradi. Uning yana bir afzalligi, qiltanog‘i kam va sergo‘shtligidadir”, deydi fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Rajabov.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida baliq yetishtirishga ixtisoslashgan 77 yangi xo‘jalik tashkil etish, baliq ovlashni 5 ming 400 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Top