09:20 / 22.02.2016
5741

Xose Mariya Mendez: 20 yillik faoliyatim davomida bunday muxlislikni ko‘rmagandim

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati finalida O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yindan keyin O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mendez matbuot anjumanida ishtirok etdi.

“Biz Erondek kuchli jamoaga qarshi ham o‘ynay olish mumkinligini isbotlab berdik. Bu esa – eng muhimi. Biz bu musobaqada erishgan natijamizga hozir tushuna olmayotgan bo‘lishimiz mumkin, chunki hissiyotlar jo‘sh urmoqda.

Men yigitlarga rahmat aytaman. Biz musobaqa davomida kuchli raqiblarga qarshi o‘ynadik. Eron esa ancha oson jamoalar bilan kuch sinashdi. Balki shu sababga ko‘ra bugun jismoniy holatimiz u qadar o‘zimiz kutgandek bo‘lmagandir.

Bugungi o‘yindagi shiddatga muxlislarning hissasi katta. Yana takrorlayman, men 20 yillik faoliyatim davomida o‘zbekistonliklardek muxlislarni ko‘rmaganman.

Eron terma jamoasi ilk daqiqalarda o‘z o‘yinini namoyish eta olmasa, keyin shashti pasayib qolishini bilgan edik. Raqib avvalgi o‘yinlarda tezkor gol urib olgach, ketma-ket darvozani ishg‘ol etishga tushib ketardi. Bugun esa bunga yo‘l qo‘ymadik”- deydi Xose Mariya Mendez.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘tkazilgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionati finalida Eron 2:1 hisobida O‘zbekistondan ustun keldi.

Top