09:28 / 23.02.2016
7320

WikiLeaks: AQSh MXA Pan Gi Mun, Merkel va Berluskoni ortidan josuslik qilgan

Wikileaks oshkor qilgan maxfiy ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi dunyoning yetakchi rahbarlari BMT bosh kotibi Pan Gi Mun, Germaniya kansleri Angela Merkel, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Italiyaning sobiq bosh vaziri Silvio Berluskonining muloqotlarini yashirin ravishda tinglab borgan.

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, shuningdek Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozining, Merkel xonim va Berluskoni bilan telefon suhbatlari tinglangan.

Wikileaks tomonidan xabar berilishicha, Pan Gi Mun va Angela Merkel o‘rtasidagi suhbatda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash muhokama qilingan. Janob Netanyahu esa janob Berluskonidan AQSh prezidenti Barak Obama bilan aloqalarni yaxshilashda yordam so‘ragan. Nikolya Sarkozi esa, Silvio Berluskonini Italiya iqtisodining ayanchli ahvoli haqida ogohlantirgan.

Bundan oldin, Wikileaks MXA nafaqat Germaniya kansleri Angela Merkel ofisini, bu lavozimning sobiq egalari Gelmut Kolt va Gerxard Shryoderni ham kuzatgani haqida xabar bergandi.

Bundan tashqari, Wikileaks AQSh MXA Germaniya tashqi ishlar vaziri Valter Shtaynmayyer telefon qo‘ng‘iroqlarini tinglaganini isbotlovchi ma'lumotlarni oshkor qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyulda AQSh MXA Germaniya va Braziliya mansabdor shaxslarini kuzatishi haqida yangi ma'lumotlar oshkor qilingandi. 4 iyul tongida nemis matbuotida Wikileaks ilova qilinib, AQSh maxfiy xizmatlari Germaniya kanslerini ortidan josuslik qilishi haqida xabar chiqdi. Keyinchalik Wikileaks saytida MXA josuslik qilgan Braziliyadagi yuqori martabali moliyachilarning telefon raqamlari paydo bo‘ldi.

Top