12:17 / 24.02.2016
2572

Amnesty International: butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari buzilmoqda

Deyarli butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari jiddiy buzilmoqda, bu esa oxirgi 70 yil ichida bu sohada erishilgan barcha yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bunday ogohlantirish bilan 2015 yilda 160 davlatda inson huquqlari holati haqidagi ma'ruzani chop etgan Amnesty International nohukumat tashkiloti chiqdi.

"Xavf ostida nafaqat bizning huquqlar, balki bizga ularni kafolatlovchi qonun va tizimlar ham qolmoqda", deb aytdi bosh qarorgohi Londonda joylashgan tashkilot bosh kotibi Salil Shetti. "70 yillik ish va inson taraqqiyoti xavf ostida turibdi", deb aytdi Shetti hamda 2015 yilda inson huquqlari Venesueladan tortib Misrgacha, Kongo Demokratik Respublikasidan tortib Xitoygacha buzilganini ta'kidlab o‘tdi.

Tashkilotning ma'lum qilishicha, o‘tgan yili tashkilot xodimlari 122 tadan ko‘proq davlatda qiynoqlar va yomon munosabatda bo‘lish holatlari qayd qilingani, 113 ta davlatda so‘z erkinligi cheklangani, 91 ta davlatda huquq himoyachilari, huquqshunoslar, jurnalistlar qo‘rqitilgani, 30 ta davlatda qochqinlarni yurtlariga qaytarish amaliyoti qo‘llanganini qayd qilishgan. Bundan tashqari, kamida 19 ta davlatda hukumat yoki qurollangan guruhlar "harbiy jinoyatlar" amalga oshirgan yoki jangovar harakatlarni olib borish qoidalarini buzgan.

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, muhojirlar va qochqinlar bilan bog‘liq inqiroz inson huquqlari buzilishining oqibatlariga yorqin misol hisoblanadi. Bunday odamlarning soni o‘tgan yili 16 mln kishidan ko‘proqni tashkil qilgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng katta ko‘rsatkich bo‘lgan.

Amnesty International o‘tgan yili katta sondagi muhojirlar oqimiga duch kelgan Yevropa hukumatlarini tanqid qildi. Ma'ruzada aytilishicha, Turkiya, Livan va Iordaniya Suriyani tark etgan 3,7 mln ga yaqin muhojirni qabul qilgan, "dunyodagi eng boy siyosiy ittifoq esa bu chaqiriqqa izchil, insoniy va inson huquqlariga hurmat bilan qaralgan javob bera olishga qodir bo‘lmagan yagona hudud bo‘ldi".

Amnesty International’ning Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jon Dalxuseynning ta'kidlashicha, Germaniyadan tashqari Yevropa Ittifoqining ko‘pchilik davlati "o‘z chegaralarini himoya qilishni qochqinlarni himoya qilishdan muhimroq" deb qaror qilgan. "Bugun biz Yevropa Ittifoqi Turkiyadan yordam so‘rayotgan va o‘zi qabul qilishni istamagan muhojirlarni boshqa davlatlar qabul qilishi uchun ularni qo‘rqitayotgan sharmandali holatga duch kelmoqdamiz", deb aytdi ekspert.

Amnesty International’ning ta'kidlashicha, 2015 yil oktabrda Turkiya va Yevropa Ittifoqi Turkiyadan Yevropa Ittifoqiga noqonuniy migratsiyani to‘xtatishga qaratilgan kelishuvni imzoladi. Bu esa Gretsiyaga noqonuniy o‘tishni istagan kamida 200 nafar qochqin Turkiyaning turli qismlarida tashqi dunyodan uzilgan yoki umuman yashirish holda ushlab turilganiga olib kelgan. Ko‘pchilik qochqinlarni Suriya va Iroqqa qaytishga majburlashgan, bu esa xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi hisoblanadi.

Shu sababli tashkilot jahon davlatlari yetakchilarini inson huquqlariga amal qilinishini kafolatlash uchun barcha imkoni bor ishlarni amalga oshirishga chaqirdi.

Top