10:13 / 24.02.2016
3463

Arsen Venger: «Biz dunyoning eng kuchli jamoasiga yutqazdik, bundan uyalmaymiz»

«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger YeChL nimchorak finalida «Barselona»dan uchralgan (0:2) hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Biz to‘pni egallab, maydonda ustunlik qila boshlaganimizda, «Barselona» qarshi hujumdan unumli foydalanib, hisobni ochdi. O‘tgan mavsumda «Monako»ga qarshi o‘yinda ham shunaqa bo‘lgandi. Bunday holatlardan charchadim.

Biz bilar edik, «Barselona»ga qarshi hujum uyushtirish imkonini bermaslik kerak edi, lekin bu vazifani uddalay olmadik. Jamoaning o‘yini yomon bo‘lmadi. Kimnidir ayblamoqchimasman. Qachonki, o‘zingni hammadan zo‘r deb his qilib yuborsang, «Barselona» sening aqlingni kiritib qo‘yadi.

Bugun bizda vaziyatlar bo‘ldi, lekin bundan foydalana olmadik. Raqib bizdan kuchli edi, mag‘lubiyat uchun uyalishimiz kerak emas. Bu jamoa bir necha marta Yevropada tengsiz bo‘lgan va bu g‘alabalar tasodifiy emasdi.

«Barselona»ning keyingi bosqichga chiqish masalasi 95 foizga hal bo‘ldi, lekin biz safardagi o‘yinda shunchaki taslim bo‘lmaymiz. Biz – «Arsenal». Biz maydonga tushamiz va jang qilamiz. Bizda keyingi bosqichga chiqish uchun deyarli imkoniyat yo‘q, ammo biz javob uchrashuviga hurmat bilan yondashamiz. Afsuski bugun futbolchilarim to‘g‘ri harakat qilishgan bo‘lsada, mehnatlari zoye ketdi.

«Barselona»ning ruhini sindirish qiyin ish, axir bu dunyoning eng kuchli jamoasi. Men bugungi o‘yinda g‘alabadan umid qilgandim. Mag‘lubiyatga uchrash futbolning bir qismi, lekin biz bugun g‘alabaga ham yaqin edi», – deya qayd etadi Venger.

«Barselona» va «Arsenal» o‘rtasidagi javob uchrashuvi 16 mart kuni o‘tkaziladi.

Top