15:29 / 25.02.2016
11416

O‘zbekistonda musiqa va san'at ta'limining yangi dasturlari ishlab chiqildi

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar musiqa va san'at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida tizimda amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Xalq ta'limi vaziri, vazirlik mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yangi Davlat dasturiga muvofiq 2016-2020 yillarda aholi zich yashovchi massivlarda jami 14 700 o‘rinli 98 ta bolalar musiqa va san'at maktablari barpo qilish ko‘zda tutilgan. Shundan 2016 yilda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan 18 ta bolalar musiqa va san'at maktablarining hududlar bo‘yicha manzilli dasturi ishlab chiqildi.

Ota-onalarga qulaylik yaratish hamda bolalar musiqa va san'at maktablariga bolalar qamrovini oshirish maqsadida to‘lov tizimi takomillashtirildi. Endilikda musiqa yo‘nalishida 1 nafar o‘quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 75% (97 680 so‘m), viloyat markazlarida 50% (65 120 so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlari 30% (39 072 so‘m) qilib belgilandi.

San'at yo‘nalishida 1 nafar o‘quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 50% (65 120 so‘m), viloyat markazlarida 30% (39 072 so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlarida 20% (26 048 so‘m) qilib belgilandi.

Shuningdek, bir oiladan 2 yoki undan ortiq bolalar ta'lim olsa, ularning har biriga belgilangan badal to‘lovining 70% miqdorida to‘lanadi. Xalqaro va Respublika tanlovlari g‘oliblari bir yil muddatga to‘lovdan ozod etiladi.

Dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida musiqa va san'at maktablarining qamrovini kamida 1,5 foizga chiqarish imkoniyati hamda bolalar musiqa va san'at maktablari tizimini kengaytirib, barcha tuman, shahar va qishloqlarda o‘quvchilarning milliy musiqiy merosimiz bilan birga, jahon mumtoz kompozitorlari va rassomlarining ijodini o‘rganishlariga qulay shart-sharoitlar va teng imkoniyatlar yaratiladi, deb xabar beradi Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati

Top