08:42 / 26.02.2016
6097

Guardian nashri Trampning prezident kursisidagi ilk 100 kuni qanday bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rdi

The Guardian nashri AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri Donald Tramp, agar prezident bo‘lsa, uning prezident kursisidagi ilk 100 kuni qanday bo‘lishini tasavvur qildi.

Nashrning farazicha, Tramp prezident bo‘lsa, uning hozirgi raqiblaridan biri Marko Rubio yoki Tramp doimo "aqlli yigit" deb ataydigan Ted Kruz vitse-prezident lavozimini egallashi mumkin. Kruz, o‘z navbatida, Tramp hokimiyat tepasiga kelsa, ma'muriyat qanday bo‘lishini ayni vaqtda aytish mushkulligini aytdi.

"Haqiqat shundaki, agar Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelsa, u nima qilishini hech kim aytib berolmaydi. Buni hattoki uning o‘zi ham aytolmaydi", deb ta'kidladi Kruz.

Nashrning tasavvuricha, Tramp paytida armiyani saqlash uchun xarajatlar oshadi. Biroq Tramp xalqaro siyosat masalalarida uncha faol bo‘lmaydi. Hanuzgacha u Yaqin Sharqdagi ishlarga katta qiziqish bildirmagan va aralashmagan. Taxmincha, Tramp Suriyadagi vaziyatni hal qilishni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ixtiyoriga to‘liq qo‘yib berishi mumkin.

Shuningdek, Tramp hokimlik qilganda ham, Obama yopishni va'da qilgan, Kubadagi Guantanamo harbiy bazasidagi turma yopilmaydi.

"Biz uni yomon yigitlar bilan to‘latamiz. Biz uni ochiq qoldiramiz", deb aytgandi Tramp nutqlaridan birida.

Tramp prezidentligida migratsiya masalalariga to‘xtaladigan bo‘lsa, AQShdan hujjatga ega bo‘lmagan 14 mln muhojir deportatsiya qilinishi mumkin.

Yana bir jihat – AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalarining qayta ko‘rib chiqilishi bo‘lib, biroq bu yerda Pekin yoki AQSh kongressi ikki davlat o‘rtasidagi savdo kelishuvini qayta ko‘rib chiqishni rad etishi mumkin.

Top