16:42 / 26.02.2016
4434

Lesya Ukrainka tavalludining 145 yilligi nishonlandi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida “Slavutich” ukrain milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda ukrain adabiyotining yirik vakili, shoira va yozuvchi Lesya Ukrainka tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi. Unda so‘z olganlar shoira ijodidagi insonparvarlik g‘oyalari, sadoqat, mehr-oqibat, yurtga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ulari tarannumi barcha davrlarda ham o‘z muhimligini yo‘qotmasligini ta'kidlashdi.

Anjumanda shoiraning hayoti haqida hujjatli film namoyish etildi. So‘ng Ukrain milliy madaniyat markazi tomonidan tayyorlangan badiiy qismda shoira qalamiga mansub she'rlar o‘qildi, turli musiqiy chiqishlar qilindi.

Lesya Ukrainka 1871 yil 25 fevral sanasida Novgorod-Volinskiy, hozirgi Jitomir viloyatida tug‘ilgan. Uning ilk she'rlar to‘plami «Qo‘shiqlar qanotida» 1893 yilda nashr etilgan. Keyinchalik «O‘ylar va orzular» (1899), «Aks-sadolar» (1902) to‘plamlari ham chop qilingan.

Lesya Ukrainka «Oy afsonasi» (1892), «Robert Bryus, Shotland qiroli» (1893), «Asir» (1903), «Oppoqqina Izolda» (1912) kabi dostonlar, «Moviy gul» (1896) «Kuz ertagi», «Mag‘oralarda» (1906) ,«Kassandra» (1908), «Tosh xo‘jayin» (1912), «O‘rmon qo‘shig‘i» (1912) singari dramalari muallifi. «O‘rmon qo‘shig‘i» dramasi asosida opera, balet va kino asarlari yaratilgan. Shuningdek «Dengiz uzra» (1898), «Do‘stlik» (1905), «Xato» (1906) kabi nasriy asarlar yozgan.

Uning she'rlarini Mirtemir, Zulfiyaxonim, Uyg‘un, Erkin Vohidov va boshqa shoirlar mahorat bila o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Top