10:42 / 26.02.2016
2399

O‘zbekistonda 2015 yilda 1,5 foizdan kamroq nodavlat notijorat tashkilotlari yopilgan

O‘zbekistonda 2015 yilda 115 ta nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) yopilgan, bu esa bugungi kunda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan NNTlarning 1,5 foizdan kamrog‘ini tashkil qiladi, deb aytilmoqda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining har yillik chop etiladigan hisobotida.

Hisobotga ko‘ra, 2015 yilda O‘zbekistonda 8,4 mingtadan sal ko‘proq NNT ro‘yxatdan o‘tgan. NNTlardan ko‘pchiligi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirish (22,1 foiz) va demokratik institutlarni rivojlantirish (17 foiz) sohalarida qayd qilingan.

"2015 yil davomida 115 ta NNT yo‘q qilingan, ulardan 27 tasi sud orqali, 88 tasi ko‘ngilli tarzda yo‘q qilingan", deb aytilmoqda hisobotda. Hisobot mualliflarining fikricha, NNTlarning yo‘q qilinishidagi asosiy sabablardan biri sifatida "uchinchi sektorda" malakali xodimlarning yetishmasligi hamda bu tashkilotlarning yetarlicha moddiy-texnik jihozlanishga ega emasligi ajratib ko‘rsatilgan.

Hisobotda davlat tomonidan NNTlarning qo‘llab-quvvatlanish darajasi ancha yuqoriligi ko‘rsatilgan – oxirgi 8 yil ichida NNTlarga 17 mln dollar berilgan, ulardan 3,6 mln dollari 2015 yilda berilgan. NNTlarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish O‘zbekiston parlamentining "Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan tartibga solinadi. Qarorga ko‘ra, parlament huzurida NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik jamg‘armasi va jamg‘armaning mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etilgan.

"NNTlarni rivojlantirishga qulay me'yoriy-huquqiy sharoitlarning yaratilishi, avvalambor, 2014 yilda qabul qilingan "Ijtimoiy hamkorlik to‘g‘risida"gi qonun ko‘mak beradi. U kuchga kirgandan keyin davlat idoralari va NNTlarning hamkorligi bo‘yicha ishlar faollashdi", deyilmoqda hisobotda.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti 2003 yilda O‘zbekistonning bir qator jamoatchilik tashkilotlari, tadqiqot va ta'lim muassasalari tashabbusi bilan yaratilgan.

Top