07:06 / 26.02.2016
4845

Trampning rafiqasi AQShga migratsiya qilgani haqida gapirib berdi

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Trampning rafiqasi, asli sloveniyalik bo‘lgan Melanya Tramp qanday qilib AQShga migratsiya qilganini aytib berdi, deb yozmoqda Washington Post nashri.

Sloveniyalik model Melanya Tramp kam intervyu beradi. U MSNBC kanalidagi Morning Joe ko‘rsatuvida turmush o‘rtog‘i Donald Trampning noqonuniy migratsiyaga qarshi kuchaytirilgan choralar kiritish haqidagi gaplarini yoqlab chiqdi hamda faqatgina qonuniy migratsiyani qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

"Men qonunga amal qilaman. Men hech qachon AQShda hujjatsiz qolishni mo‘ljallamaganman. Men har bir necha oy davomida Sloveniyaga yangi viza olgani borardim. Keyin AQShga qaytib, grin-kartaga ariza topshirardim. Men qonunga amal qilganman va qolganlar ham shunday qilishi kerak", deb aytdi Melanya Tramp.

Nashrning ta'kidlashicha, Trampning rafiqasi meksikalik muhojirlar bilan birga viza olish uchun navbatda turishiga to‘g‘ri kelmagan, chunki modellar alohida qobiliyatlarga ega ishchilar sifatida vizalar olishadi.  

Melanya Tramp va Donald Tramp 2005 yilda nikoh qurishgan. Ularning 10 yoshli bir nafar o‘g‘il farzandlari bor.

Melanya Tramp Donald Tramp navbatdagi praymerizda yutgandan keyin, turmush o‘rtog‘i eng yaxshi prezident bo‘ladi, deb aytdi.

Top